Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokida «Qoʻshimcha qiymat soligʻi va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va mohiyati» mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda taʼkidlandiki, 2018 yilda 350 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektidan faqatgina 7,1 mingtasi (2 foiz) qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlagan. Soliq islohotlari konsepsiyasi qabul qilingach, bu raqam 40 mingdan ortgan va ularning 4 mingtasi ixtiyoriy ravishda QQS toʻlovchisiga aylangan.
Qayd etilishicha, Soliq kodeksining 208-moddasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan. Bu roʻyxatda goʻsht, baliq, kartoshka, piyoz, tuxum, guruch, shakar, non va sut joy olgan. Kuni kecha esa bu roʻyxatga kartoshka urugʻi ham kiritilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan oxirgi ikki haftada 40 milliard soʻmlik QQS hisobotlardagi kamchiliklar aniqlangan va bartaraf etilgan. Bunda import mahsulotlari realizatsiyasida ham tushumlarni pasaytirib koʻrsatish holati roʻy bergan — bir kunlik tushum miqdori besh barobargacha kamaytirib koʻrsatilgan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Matbuot xizmati