Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida «Kasalliklarni tashxislash va davolashda zamonaviy hamda innovatsion usullarni qoʻllash» mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimini takomillashtirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, qoʻshimcha cakkizta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (onkologiya va radiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, allergologiya, nevrologiya va insult, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, narkologiya, bolalar xirurgiyasi kabi yoʻnalishlarda) tashkil qilinib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar soni 18 taga yetkazilgani taʼkidlandi.
Mutaxassislar respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 3,2 mln AQSH dollari, respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 2 mln yevro, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga esa 2,8 mln yevroga teng boʻlgan yuqori texnologik asbob-uskunalar yetkazilib ishga tushirilganini qayd etdi.
Maʼlum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan markazlarning filiallari tashkil etilishi natijasida viloyatlarda 2019 yil 11 oyi davomida 2 400 dan ortiq jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilgan, uning qariyb 1 500 (55,5 foizi) tasi yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarini tashkil etadi. Natijada 2019 yilda 1400 ga yaqin bemorga yashash joyining oʻzida tibbiy yordam koʻrsatilib, ularning respublika markaziga kelishiga hojat qolmagan.
«Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliyt tibbiyot markazida 230 dan ortiq buyrak, 6 ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida 68 ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari oʻtkazilgani tufayli 300 nafardan ortiq fuqaroning yuqori texnologik operatsiyalar uchun chet davlatlarga chiqishining oldi olindi», — dedi vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayev.
Tadbirda joriy yilning oʻtgan davrida hududlarga qariyb 600 nafar xorijlik mutaxassis taklif qilingani, telemeditsina orqali 1000 ta onlayn konsultatsiya oʻtkazilgani eʼtirof etildi.