AOKA shtabida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Atabekov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda karantinga oid muhim savol va murojaatlar yuzasidan onlayn javob qaytarildi.
Savol: Toshkent shahrida karantin 2 kundan keyin tugaydi degan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu nechogʻlik haqiqatga yaqin?
Javob: Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, Toshkent shahrida karantin ikki kundan keyin tugaydi degan xabarlar asossiz. Karantinni oʻrnatish va uni bekor qilish Respublika muvofiqlashtirish komissiyasining vakolati hisoblanadi. Ushbu komissiyaning rasmiy maʼlumotidan tashqari, tarqatilgan barcha turdagi maʼlumotlarga aslo ishonish kerak emas.
Ularning maʼlumotiga ishonsangiz va karantin talablarini buzsangiz, demak Siz karantin talablarini buzganlikda ayblanasiz va maʼmuriy javobgarlikga (jarimaga) tortilishingiz mumkin. Jinoyat kodeksining 244 (prim 5) — moddasiga muvofiq, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini unutmaslik kerak.
Savol: Yaqinda koronavirus qayd etilmagan hududlarda bosqichma-bosqich karantin talablarini yumshatish boʻyicha Prezidentimiz topshiriq berdi. Respublikamizda shunday hududlar bormi?
Javob: Joriy yilning 29 aprelida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga oʻzgarib borishi bilan, 10 maydan keyin karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi va karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qildi.
Ushbu Qarorning 1-bandida respublikada koronavirus infeksiyasining tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sogʻayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda joriy etilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilinsin, deyilgan.
Bugungi kunda respublikamizda kasallik umuman qayd etilmagan qishloqlar, tumanlar ancha koʻp, hatto Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida aniqlangan bemorlarning barchasi sogʻaygan.
Savol: Bir qator davlatlar Xitoy test tizimi yaroqsizligidan shikoyat qilishgan. Shu sabab vaziyat nazoratdan chiqib ketgan. Bizda Xitoydan keltirilgan testlar bilan qanday tekshirishmoqda?
Javob: Javob tushunarli boʻlishi uchun respublika boʻylab labratoriyaviy tashxis qanday qoʻyilishini tushuntiraman. Oʻzbekistonda joylardagi virusologiya laboratoriyalari aholi orasida bemorlarni aniqlash ishlarini olib boradi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining virusologiya laboratoriyasi viloyatlardan joʻnatilgan shubhali va musbat namunalarni tasdiqlash va yakuniy tashxis qoʻyish bilan shugʻullanadi.
Test tizimlari sezuvchanlik va oʻziga xoslik bilan baholanadigan boʻlsa, Oʻzbekistonda qoʻllanadigan Xitoy, Germaniya va Rossiya test tizimlari yuqori sezuvchan va oʻziga xos.
Savol: Respublikamizda karantin qanday bekor qilinadi? Uning uchun ham alohida talablar bormi?
Javob: Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasining tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sogʻayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda, Respublika muvofiqlashtirish komissiyasining maxsus qarori bilan joriy etilgan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Albatta, buning uchun alohida talablari, bosqichlari aks etgan karantinnni yechish boʻyicha xujjat ishlab chiqiladi. Lekin rasman, karantin bekor qilinganligi rasman eʼlon qilinmaguncha karantin vaqti uchun belgilangan Sanitariya-gigiyena qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarlarga toʻliq rioya etilishi talab qilinadi.
Savol: Karantindan keyin, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tufayli (turizim, xalqaro yuk tashish, qatnovlar) mamlakatimizga xalqaro qatnovlar — yoʻl transporti (avtomobil, poyezd va samolyot) orqali yana kirdi-chiqdi boshlanadi. Shu munosabat bilan mamlakatizmida qanday epidemiologik tartib-qoidalar oʻrnatiladi?
Shu masala boʻyicha xalqaro tajriba oʻrganilyaptimi? (Balki viza olishga ariza berganlardan ularni birorta virusga chalinmaganini tekshirish kabi baʼzi davlatlarda boʻlganidek talab qoʻyilish kerakdir?)
Javob: Toʻgʻri, karantin tugagandan keyin, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar yana iziga tushib ketadi. Mamlakatimizda avtomobil, poyezd va samolyotlar orqali halqaro qatnovlar, bordi-keldilar boshlab yuboriladi.
Koronavirus kasalligining respublikaga kirib kelishi, tarqalishi bilan bogʻliq holatlar chuqur tahlil qilinadi. Mavjud meʼyoriy xujjatlar, jumladan sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar, sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlar qayta koʻrib chiqiladi. Albatta xalqaro tajribalar ham oʻrganib chiqiladi. Balikim, dastlabki davrda faqat koronavirus yoʻqligini tasdiqlovchi xujjati boʻlsagina, viza berish tizimi joriy qilinar. Buni esa vaqt va epidemik vaziyat koʻrsatadi.
Agar shu tizim joriy qilingudek boʻlsa ham, xorijlik fuqaroning viza olgan davri bilan yurtimizga kelgan davri koronavirus kasalligining yashirin davri (14 kun) bilan bir-biriga mutanosib boʻlishi kerak. Har qanday tartibni amaliyotga kiritish uchun juda jiddiy oʻylash va oʻrganishga toʻgʻri keladi.
Savol: Shaxsiy avtomobilda yurishga ruxsat berilgandan soʻng, koʻplab haydovchilar kirakashlikni boshlashdi. Mashinada masofa saqlash tartibi qanday?
Javob: Muloqot qilishda 2 metrdan kam boʻlmagan masofani saqlash zarurligi toʻgʻri. Biroq mashina salonida buning imkoni yoʻqligi sababli boshqa gigiyenik va sanitariya qoidalariga amal qilish hamda mashinada 2 kishidan ortiq yoʻlovchi boʻlmasligi kerak.