Sogʻliqni saqlash vazirligi: VAZIRLIKNING “CORONAVIRUSYORDAM” ONLAYN TELEGRAM BOT KANALIGA 83 MINGDAN ORTIQ FUQARO KIRGAN

0
413
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi UZINFOCOM yagona integratori bilan hamkorlikda “coronavirusyordam” onlayn telegramm bot kanalini ishga tushirgan edi. Uning maqsadi bugungi epidemiologik vaziyatda aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini samarali va toʻgʻri tashkil qilish, fuqarolarni koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq barcha savollariga toʻlaqonli hamda ishonchli javob berishdan iborat.

Botda aholi tomonidan koʻp berilayotgan savollar toʻplami va ularga malakali mutaxassislar tomonidan tayyorlangan javoblar qulay shaklda joylashtirilgan. Bundan tashqari, fuqarolar operatorlarga savollar yoʻllab, ulardan yozishma orqali javoblar olishmoqda. Bot-maslahatchi oʻzbek va rus tillarida yuritilmoqda. Onlayn maslahatchi modulining 70 ga yaqin tajribali shifokor, professor va oʻqituvchilardan iborat operatorlar guruhi uch smenada tunu kun onlayn tartibida aholi tomonidan kelib tushayotgan barcha savollarga javob berishmoqda.

Joriy yilning 31 mart kuni ishga tushgan telegram botga 11 aprel soat 15:00 gacha 83 mingdan ortiq fuqaro kirgan. Ulardan 10 mingdan ortigʻi operatorlar bilan chat orkali bogʻlangan va 18 mingdan ortiq savollarga javob olishgan. Qolganlar esa botdagi tayyor savol-javoblardan oʻzlariga kerakli maʼlumotlarni olishgan.

– Operatorlarning barchasi ish boshlashdan avval ular uchun tashkil qilingan seminarda maxsus tayyorganlikdan oʻtishgan, – deydi Shuhrat Boymuradov, botni yuritish buyicha ishchi guruh rahbari. – Bugungi kunda eng koʻp beriladigan savollar quyidagicha: viloyatlar yoki tumanlar kesimida kasallanganlik holati qanday, koronavirus infeksiyasiga uchragan insonda kasallikning belgilari qanaqa boʻladi, COVID-19 tasdiqlangan holatlar karantindagilar ichidan aniqlanayaptimi yoki aholi orasidan, bemorlarning hozirgi ahvoli qanaqa va hokazolar. Shuningdek, ijtimoiy sohaga oid savollar ham kam emas. Operatorlarimiz ularning barchasiga asoslangan javoblarni berishmoqda, kerak boʻlganda, tegishliligi boʻyicha savolga javob berish uchun masʼul xizmatlarning telefon raqamlarini keltirishmoqda.

Fuqarolar hammasidan ham koʻproq karantin kachon tugaydi degan savolni berishlari tabiiy. Unga operatorlarimiz quyidagicha javob berishmoqda: bu pandemiyaga qarshi siz va biz birgalikda kurashishimizga bogʻliq, agar barchamiz karantin qoidalariga qatiy rioya kilsak, jahon tajribasiga koʻra, oxirgi kasallanganlik holati aniqlangandan keyin ikki hafta oʻtgach, karantin tugashi haqida eʼlon qilinadi. Maqsadimiz – fuqarolarni uyda oʻtirgan holatda ham kerakli maʼlumotlar bilan qurollantirish, shundagina ular vahimaga berilmay, kasallikka qarshi kurashda birdamlikka erishishimizda koʻmak beradilar.

Sogʻliqni saqlash vazirligi   Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.