SSV: 2021 YILDA TOSHKENT ShAHAR “103” XIZMATIGA YARIM MILLIONDAN ZIYOD ChAQIRIQ KELIB TUSHDI

0
116
marta koʻrilgan.

Soʻnggi kunlarda yurtimizda koronavirus bilan kasallanish holatlari soni ortib borayotgani, ayniqsa, bu boradagi koʻrsatkich Toshkent shahrida oshayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, bu holat tez tibbiy yordam xizmatiga boʻlgan talab va kunlik chaqiruvlar soni ortishiga ham sabab boʻlayotir.

Xoʻsh, bugun Toshkent shahar “Tez yordam” xizmati aholiga qanday yordam koʻrsatmoqda? Chaqiriqlarni tezkor qabul qilish, bemorlarga oʻz vaqtida sifatli tez yordam berish borasida qanday ishlar qilinmoqda?

SSV Matbuot xizmati  shu kabi savollar bilan Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi boʻlim boshligʻi Nasiba MAHMUDOVAga murojaat qildi.

— 2021 yilning oʻtgan davri mobaynida shahar “103” xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushdi? Dastlab shu haqida maʼlumot bersangiz.

— Maʼlumki, bugungi kunda butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham “COVID-19” xastaligi bilan bogʻliq epidemik vaziyat murakkab boʻlib turibdi. Ayniqsa, poytaxtda yashovchi koʻpchilik aholi oddiy profilaktik tadbirlarga rioya qilmay qoʻygani, belgilangan karantin talablariga beparvo munosabatda boʻlayotgani oqibatida Toshkent shahrida kasallanish holatlari boshqa hududlarga nisbatan koʻproq kuzatilmoqda. Buni esa joriy yilning shu davriga qadar shahar “103” xizmatiga kelib tushgan chaqiriqlar sonidan ham bilish mumkin.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2021 yilning 21 iyun holatiga koʻra, shahar tez tibbiy yordam xizmatiga jami 505 ming 490 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 6 ming 979 tasini koronavirus infeksiyasiga chalinganligi gumon qilingan katta yoshli bemorlar tashkil etdi.

Jumladan, infeksion kasalliklarga gumon qilinib aprelda 1 ming 732 nafar, may oyida esa 1 ming 524 nafar bemor tez tibbiy yordam orqali Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borildi.

Ayni paytda shahar “103” xizmati Call-markaziga bir kunda oʻrtacha 3 400 – 3 600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Soʻnggi 10 kun ichida esa jami 34 ming 558 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan va koronavirusga topshirgan PZR testi musbat natija bergan 967 nafar bemorga sifatli tez tibbiy xizmat koʻrsatilib, ular “103” xizmat orqali Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifxonasiga olib borildi.

Maʼlumot oʻrnida aytishim kerakki, bugungi kunda Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmatida 12 ta podstansiya, 203 ta brigada boʻlib, 3 ming nafarga yaqin shifokor, oʻrta tibbiyot xodimi hamda haydovchi faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, Sall-markazida 40 nafar operator aholi chaqiriqlarini tunu kun qabul qilmoqda.

— Ayni paytda “tez yordam” xizmatiga “COVID-19” xastaligiga chalingani gumon qilingan bemorlar asosan qanday shikoyatlar bilan murojaat qilmoqda?

— Eʼtibor bersak, pandemiya boshlangandan beri koronavirus infeksiyasi vaziyatga moslashishga, sharoitga qarab, oʻz “qiyofa”sini oʻzgartirishga intilmoqda. Shu bois, mamlakatimizda virusning kechishi bilan bogʻliq holatlar doimiy ravishda oʻrganilib, davolash standartlari tez-tez oʻzgaryapti va unga qoʻshimchalar kiritib borilmoqda.

Avvallari ushbu kasallikni yuqtirgan bemorlar asosan tomoq va bosh ogʻrigʻi, yuqori harorat, nafas yetishmasligi kabi belgilar bilan “103” xizmatiga shikoyat qilgan boʻlsa, bugungi kunda qon bosimning tez suratda koʻtarilishi, yurak sohasida ogʻriq, qisqa muddatda oʻpkaning zararlanishi, koʻngil aynishi va qayt qilish kabi belgilar bilan koʻproq murojaat qilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.