Talaba mushohadasi: Qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarib qoʻymang 

0
490
marta koʻrilgan.

Xiyobondan oʻtib ketayotgandim, koʻzim daraxtga ilingan eʼlonga tushdi: “Keling, goʻzal boʻling”.  Ushbu eʼlonni oʻqib, oʻylanib qoldim. Nahotki,  nafosatga shu qadar oson erishish mumkin boʻlsa?  Avvaliga bu eʼlon goʻzallik saloniga tegishli boʻlsa kerak deb oʻylagan edim. Yoʻq, adashibman. Bu eʼlon muallifi plastik jarrohliklarni amalga oshiruvchi vrach  ekan.

Bugungi kunda  zoʻraki goʻzallik- afzallikmi? Yoki tentaklikmi degan savolu mushohadalarga qizlar orasida tez-tez duch kelamiz. Ushbu savolning yechimi, javobi bordir? Savolni oʻrtaga tashladim-u yechimini ham aytgim keldi.

Ilgari koʻpchilik  teleyulduzlarniki kabi shahlo koʻz, qayrilma kiprik, gʻuncha lab va chiroyli qomatni orzu qilishgan. Bugun oʻzbek ayollari ham plastik jarrohlik orqasidan mana shunday “baxt”ga  erishishmoqda. Achinarlisi shundaki, bu amaliyotga murojaat etayotganlarning aksar qismini yosh qizlar tashkil etadi.

Qizlar orasida “rastushyovka”,”narashʼivaniye”, “botoks” kabi amaliyotlardan soʻng “goʻzal”ga aylangan qizlarga endilikda tez-tez koʻzimiz tushadi-yu, afsus bilan lab tishlab qolamiz. Ulardan goh nafratlansak, goh rahmimiz keladi. Eng yomoni, bu amaliyotlar hamisha ham muvaffaqiyatli tugamaydi. Xalqona aytsak, oxiri xayrli boʻlavermaydi.

 Aslida, bu kabi ishlar nafaqat jamiyatimizda, balki muqaddas dinimizda ham qoralanadi. Yaratgan tomonidan ato etilgan jamolni koʻngil xushligi uchun oʻzgartirayotgan qizlar buning oqibatlari haqida hech oʻylab koʻrganmikan? Zoʻrma zoʻraki goʻzallikning umri qisqa ekanligidan xabardormikan?

 Sunʼiy nafosat yaratayotgan jarrohlarning maʼlumotiga koʻra, avvallari ularning mijozlari katta yoshli ayollar boʻlib, jiddiy sabablar tufayli murojaat etishgan. Bugun esa ularning 85 foyizini yosh qizlar tashkil etadi va ular shunchaki qiziqish sabab jarrohlik kursisiga oʻtirishmoqda.

 Aziz dugonajonlarim, hammadan goʻzal boʻlaman deb, bor husningizdan ham ajralib qolmang. Menga buvim hamisha «Seni sof tuygʻularing va begʻubor qalbingning oʻzi goʻzallikdir. Shu soflikni, ushbu nazokatni qadrla!», deya oʻgit aytadi.

Men barchaga ushbu oʻgitlarni takrorlayman: Sizning sof tuygʻularingiz va begʻubor qalbingizning oʻzi goʻzallikdir. Ushbu soflikni, goʻzallikni,  nazokatni qadrlang!

  Diyora    ERGASHYeVA, talaba

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.