Talabalarga ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish  tartibi qanday?

0
264
marta koʻrilgan.

Joriy yil 6 sentyabrdan oliy taʼlim muassasalarida anʼanaviy tarzda yangi oʻquv yili boshlandi. Tabiiyki, asosiy OTMlar joylashgan poytaxt ham talabalar bilan gavjumlashdi. Ayni vaqtda ularni eng qiynayotgan muammo turar joy masalasidir.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda oxirgi toʻrt yilda OTMlar soni koʻpaydi. Yaʼni ular soni 77 tadan 143  taga yetdi. Qabul kvotasi  3  barobarga yaqin  oshdi. Talabalar kontingenti 700 ming nafarga yaqinlashdi. Oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida kvotalar, talabalar soni 2 baravardan 3 baravargacha oshgan bir sharoitda yotoqxonalarning oʻrin soni shu davr mobaynida atigi 25 foizga oshdi.  

Asosiy va nufuzli oliy taʼlis muassasalarining aksariyati,  shuningdek, xorijiy universitetlarining filiallari Toshkent shahrida joylashganligi bois, talabalar uchun turar joy muammosi bugunning dolzarb mavzusiga aylandi.

– Talabalarni turar joy masalasi har doim qiynab kelgan, –deydi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi Sardorbek Usmonov.–Bu muammo nafaqat bizning mamlakatda, balki dunyoning rivojlangan  davlatlarida ham mavjud. Shu kunlarda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning 58 ming nafari yotoqxonalarda yashaydi, 102,4 ming nafari esa ijarada turadi. Oliy taʼlim muassasalarining asosiy vazifasi sifatli taʼlim berishdan iborat.Ammo bugungi kun talabi talabalar sifatli taʼlim olishi uchun sharoit yaratish, eng birinchi navbatda, uyidan olisda tahsil olishni maqsad qilganlar uchun turar joylar tashkil qilish vazifasini oʻrtaga qoʻyadi. Albatta, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan talabalarni  har-tomonlama ijtimoiy  qoʻllab-quvvatlash borasida muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24 sentyabrdagi  qarori bilan davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomga koʻra, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara toʻlovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi. Roʻyxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida (tuman, shahar miqyosida) ariza beruvchilarga oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi.  

Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan boʻlishi shart.Mazkur tartib davlat OTMning faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqib, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalariga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda ariza beruvchi tegishli maʼlumot yoki hujjatlarni oʻzi taʼlim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash boʻlimi dekan oʻrinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi boʻlimiga topshiradi. Masʼullar 1 hafta davomida ariza beruvchi maʼlumotlarining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini oʻrganadi.

Soʻng maʼlumotlarni umumlashtirib, koʻrib chiqish va xulosa berish uchun navbatdagi haftaning birinchi kunida talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga taqdim etadi. Komissiya bir ish kunida talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqib, qaror qabul qiladi. Shunga koʻra, davlat OTM rektori (filial direktori)ning buyrugʻi rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va ularning roʻyxati toʻlovlarni amalga oshirish uchun buxgalteriyaga taqdim etiladi. Arizasi ijobiy hal etilgan talabalar uchun ijara toʻlovining bir qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ular ariza bergan sanadan boshlab qoplab beriladi.

Bundan tashqari, har bir oliy taʼlim muassasasi oʻz talabasining qaysi manzilda yashayotganini aniqlab borish uchun reestr tuzadi. Bu orqali talabalarning xavfsizligi nazoratga olinadi, muammolari hal etiladi.

Ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish oʻquv yili davomida (har yili 1 sentyabrdan 1 iyulgacha) yoki oʻqitish dasturi boʻyicha oʻquv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi. Ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasigacha arizalar masʼullarga taqdim etilganidan soʻng amalga oshiriladi. Ushbu muddatlar tugagandan keyin berilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki,  ijara toʻlovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari, qolgan hududlarda – BHMning 0,5 baravaridan oshmasligi lozim.    

 Muhayyo  Toshqorayeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.