Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun talabalarning oʻzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga beriladi.
Taʼlim kreditlari bakalavriatga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Taʼlim kreditlari uchun quyidagi foiz stavkalari belgilanadi:chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironligi boʻlganlarga – nol foiz stavkasi; talabalarning qolgan toifalariga — 2020 yil 1 yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini «Yoshlar — kelajagimiz» jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilanadi.
Taʼlim kreditlari boʻyicha foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʻzgarishiga qarab oʻzgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan talabalar uchun kredit boʻyicha foizlarning 50 foizi Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan toʻlanadi. Buning uchun tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish lozim.
Taʼlim kreditlari, qoida tariqasida, qarz oluvchining (talaba, ota-ona yoki vasiy) yashash joyida joylashgan bank filiallari tomonidan beriladi.
Taʼlim kreditini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: taʼlim kreditini olish uchun ariza; talaba va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida tuzilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma (kontrakt); kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat (masalan, jismoniy yoki yuridik shaxslarning kafolati, mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlar garovi, kreditning qaytarilmasligi xavfini sugʻurtalash haqidagi sugʻurta polisi); shuningdek, imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironligi boʻlganlar, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etishadi.
Kredit berishda banklar faoliyati. Taʼlim kreditlari boʻyicha mablagʻlar kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda har yarim yilda oʻqish uchun yillik toʻlovning toʻliq miqdorini ikki teng qismga boʻlish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Bunda yangidan qabul qilingan talabalar uchun birinchi yarim yillikda oʻqiganlik uchun boshlangʻich toʻlov joriy yilning 1 oktyabrigacha, ikkinchi yarim yillik uchun — navbatdagi kalendar yilning 15 martigacha toʻlanadi.
Oʻqishning ikkinchi yilidan boshlab kredit hisobiga toʻlovlar har yarim yillik birinchi oyi (sentyabr va mart)ning 5-kunidan kechiktirilmay toʻlanadi.
Agar talaba oʻqish davri tugamasdan talabalar safidan oʻchirilsa, taʼlim muassasasi rahbariyati rektor (direktor)ning buyrugʻi chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa oʻz navbatida uch oy muddatda taʼlim krediti va unga qoʻshilgan foizlar boʻyicha qarzlarni toʻliq qaytarishi lozim.
Ravshan SAʼDULLAYEV, huquqshunos