Tarbiyasi ogʻir bola deganda nima tushuniladi?

0
4340
marta koʻrilgan.

Tarbiyasi ogʻir bola deganda nima tushuniladi?  Ushbu savol koʻplab yosh onalarni qiziqtiradi. Tarbiyasi ogʻir bola nafaqat oilaning balki, jamiyatning ham ogʻriqli masalasidir. Ushbu savol bilan mutaxassisga murojaat qildik.

Javob: Ota-ona taʼlim-tarbiya jarayonini maqsadga yoʻnaltirilgan holda muvaffaqiyatli olib borishi uchun avvalo asotsial xulq-atvor bilan anomal xulq-atvor oʻrtasidagi farqni va ularning nimaligini tushunib olishi kerak. Odatda axloq normalariga va jamiyat talablariga javob bermaydigan xulq-atvor va xatti-harakatlarni asotsial xulq-atvor deb ataladi. Anomal xulq-atvor va xatti-harakatlar bola miyasining patologiyasi (kasalligi) tufayli roʻy beradi.

Asotsial xulq-atvor esa mikromuhitning salbiy taʼsir koʻrsatishi, oiladagi mavjud nonormal oʻzaro munosabatlar, oila va maktabda beriladigan tarbiyada yoʻl qoʻyiladigan kamchiliklar va hokazolar tufayli roʻy beradi. Bunday xulq-atvorli bolalar jamiyatimizda baʼzan uchrab turadigan balogʻatga yetmagan tartibbuzar bolalar turini tashkil qiladi.

Tarbiyasi ogʻir bolalar – bular tarbiyada eʼtibordan chetda qolgan, oʻz holicha tashlab qoʻyilgan bolalardir. Ular qayerdadir, qachonlardir, kimlarningdir tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolar, tarbiyalashda ularga individual yondosha bilmaslik oqibatida paydo boʻlgan. Boshqacha aytganda, normal taʼlim va tarbiya jarayonidan chetda qolgan, oʻqituvchilar, ota-onalar, oʻrtoqlari bilan normal munosabat oʻrnata olmagan, qalb tugʻyonlarini oshkor etishning toʻgʻri yoʻllarini topa bilmagan bolalar – tarbiyasi ogʻir bolalar turiga kiradi. Bunday bolalarni oʻz vaqtida payqab, ular bilan yaxshi ish olib borilmasa, ularga jamoatchilik taʼsiri oʻtkazilmasa, noxush koʻngilsiz voqealar sodir boʻlishi mumkin.

Tarbiyasi ogʻir bolalardagi ayrim kamchiliklar va nuqsonlar, chunonchi: qaysarlik, oʻjarlik, qoʻpollik singari salbiy koʻrinishlar maktabga kelmasdanoq boshlanishi mumkin. Bu, albatta, oila tarbiyasi yoki bogʻcha-yasli, maktab, ish faoliyati bilan bogʻliqdir.

Olimlarning kuzatishicha, kichik yoshdagi bolalarning oʻndan toʻqqiz qismi oila sharoitida tarbiyalanadi. Bunday oilalarda ota-onalar farzandlariga yetarli darajada eʼtibor bermaydilar yoki ularni erka qilib oʻstiradilar. Onalar esa bolalarining yomon xulq-atvorini, xatti-harakatlarini otalaridan yashiradilar. Oqibatda bunday oiladagi bolalar koʻzboʻyamachi, xudbin, faqat oʻz foydasini koʻzlaydigan, kaltafahm, bachkana, qoʻrs, birovga ozor beradigan boʻlib oʻsadilar.

Baʼzi ota-onalar farzandi ust-boshining but boʻlishini oʻylaydilar-u, ularning ichki dunyosi, maʼnaviy ehtiyojlari haqida qiziqmaydilar. Tarbiyaga nisbatan bunday munosabat tarbiyasi ogʻir bolalarning koʻpayishiga sabab boʻladi.

Bolangizni feʼl — atvoriga tugʻilganidan eʼtibor bering. Xalqimiz xotin boshidan, bola yoshidan deb bejiz aytmagan. Onalar bir yoshgacha  bolaga juda eʼtiborli boʻlishadi. Chaqaloq gapirmasada ona  uning hatti — harakatidan darhol gap nimadaligini anglaydi.  Holatidan tagligini almashtirish yoki emizish vaqti kelganligini yoki nimadir bezovta qilayotganligini darhol tushunadi. Bu hammasi sinchkovlik tufayli.  Bola oʻzligini anglaguncha ana shunday eʼtibor kerak. Goʻdakligida qanday avaylagan boʻlsangiz ana shunday avaylab, kayfiyatini anglab turish lozim.

Orif Avlayev, ToshDAU   “Oʻzbek tili, pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.