Test sinovlari joriy yilda qanday tartiblarda oʻtkaziladi?

0
132
marta koʻrilgan.

AOKA anjumanlar zalida boʻlib oʻtgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshligʻi Barno Rajabov  va Oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov tomonidan berilgan muhim maʼlumotlar:

SAVOL: Test sinovlari joriy yilda qanday tartiblarda oʻtkaziladi? 

JAVOB:  Test sinovlari joriy yilda avgust oyida katta sigʻimli binolarda oʻtkaziladi. Abituriyent oʻzi tanlagan hududda, Davlat test markazi tomonidan onlayn tarzda taqdim etiladigan ruxsatnomasida belgilangan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.

 2020/2021 oʻquv yili qabulida test sinovlarini har bir abituriyent uchun binolarda 3 kvadrat metrdan kam boʻlmagan joy ajratib, qoida tariqasida, bir kunda ikki yoki uch smenada oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

 Test sinovlari oʻtkaziladigan hududga va binoga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar va shu kabilar bilan kirishi taqiqlanadi.

SAVOL: Test sinovlari necha fandan  oʻtkaziladi? 

JAVOB: Test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fandan oʻtkaziladi.

Test topshiriqlari soni 60 tani tashkil etadi. Bunda, birinchi fan boʻyicha 30 ta savol, har bir savolga 3,2 ball beriladi va 96 balni tashkil etadi, ikkinchi fan boʻyicha ham 30 ta savol, har bir savolga 3,1 ball beriladi va 93 balni tashkil etadi. Eng yuqori ball 189 ni tashkil etadi. Imtihonlarda abituriyentlarning ota-onalari uchun alohida kutish (toʻplanish) joylari tashkil qilinmaydi, ular barcha binolardagi test sinovlarini (test2020.uz sayti orqali) onlayn kuzatib borishlari mumkin.

SAVOL: Test sinovlari oliy harbiy taʼlim muassasalari nomzodlariga qay tartibda  oʻtkaziladi? 

JAVOB: 2020/2021 oʻquv yilida oliy harbiy taʼlim muassasalari nomzodlariga istisno tariqasida test topshiradigan fanlari majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan harbiy boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarining beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlash huquqi berildi.

SAVOL: Xorijdan turib roʻyxatdan onlayn oʻtgan abituriyentlar uchun tartib qanday?

JAVOB: 2020/2021 oʻquv yili qabulida OTMga kirish sinovlarida ishtirok etish uchun xorijdan turib roʻyxatdan onlayn oʻtgan abituriyentlar Oʻzbekistonga kirish test sinovlari boshlanishidan kamida uch hafta oldin kelishi hamda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy qilingan karantin talablarini toʻliq bajarganidan soʻng, Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik agentligi taqdim etgan xulosalari asosida test sinovlariga kiritiladi.

SAVOL: Magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga kirish, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish qay tarzda amalga oshiriladi?

JAVOB: Davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga kirish, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlik rasmiy veb-sayti (www.edu.uz) orqali amalga oshiriladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralari bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar: oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida faqat davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini belgilash; toʻlov-kontrakt asosidagi qabul koʻrsatkichlarini oliy taʼlim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash. Bunda, toʻlov-kontrakt asosidagi qabul koʻrsatkichlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan miqdordan kam boʻlmasligi lozim; iqtidorli talabalarni nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida ham davlat granti asosida oʻqitish; alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim sohalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlari boʻyicha test sinovlari topshirish tartibini joriy qilish boʻyicha Hukumatga asoslantirilgan takliflarni kiritadi.

SAVOL: Sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadi nimadan iborat?

JAVOB:  Qaror bilan sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil etib belgilandi.

SAVOL: “Matematika” taʼlim sohasi boʻyicha magistratura mutaxassisliklari uchun yengilliklar mavjud ekan?

JAVOB: 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab “Matematika” taʼlim sohasi boʻyicha magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat buyurtmasi parametrlari toʻliq davlat granti asosida shakllantiriladi. 2020/2021 oʻquv yilida davlat granti asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

SAVOL: Bu yilgi qabulda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazishda ham oʻzgarishlar bormi?

JAVOB: Davlat komissiyasining 2020 yil 1-sonli bayoni bilan 2020/2021 oʻquv yili qabulida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Unga koʻra:

+ kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlarini bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari xususiyatidan kelib chiqib soddalashtiriladi;

+  abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihon uchun bir marta keladi va ortiqcha vaqt sarflamasdan topshirishi taʼminlanadi;

+ test sinovlari bilan bir qatorda oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 25 iyulgacha oʻtkaziladi;

+ alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari kirish imtihonlarini 25 iyuldan 20 avgustgacha oʻtkaziladi;

+ kasbiy (ijodiy) imtihonlar videokuzatuvlar orqali qatʼiy nazorat qilinadi va internetda jamoatchilik kuzatuvi taʼminlanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.