Til-millat koʻzgusi: Oʻzbek tilining sofligini asraylik

0
2397
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda  oʻzbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishda  1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida” gi Qonunning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etdi. Bu bilan huquqiy asosda onadek muqaddas tilimizni koʻz qorachigʻidek avaylab-asrash, yanada boyitish imkoniyatlari yaratildi.

Bugungi suhbatimiz Urganch shahar hokimining maslahatchisi  Sayyora Samandarova  bilan  “Davlat tili haqida” gi Qonunning kundalik  hayotimizga samarali tadbiq qilinishi borasida  amalga oshirilayotgan  ishlar va uning benazir ahamiyati haqida boʻldi.

– Sayyora Erkinovna,  tilimizga davlat tili maqomi berilishi maʼnaviy-madaniy meros, umummilliy boylik, taʼbir joiz boʻlsa, ulkan  oliy qadriyat, shunday emasmi?

Ha, hammamizga  yaxshi maʼlumki, har bir xalqning, millatning faqat oʻzigagina xos boʻlgan qadriyatlari mavjud. Bu qadriyatlarni u boshqa hech qayerdan topolmaydi. Bu- uning vatani hamda tilidir.

Bugun 8 milliardga yaqin dunyo aholisi 6 mingdan ortiq tilda gaplashadi. Bu tillarning bor-yoʻgʻi 100 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular  orasida davlat tili sifatida oʻzbek tilining ham borligi, albatta, tilimizning nufuzini koʻrsatadi.

Faxr bilan ayta olamizki, tugʻilib oʻsgan ona-yurtimiz, vatanimiz qanchalik serquyosh,maftunkor boʻlsa, tilimiz ham shunchalik jozibador va goʻzaldir. Tilimizda shunday soʻz va iboralar borki, ularni har qanday mohir tarjimon ham boshqa biror bir tilga tarjima qila olmaydi. Koʻp misol keltirishning hojati yoʻq. Oʻzbek oʻz bolasini qanday erkalashini bir eslang: aylanay, jonim bolam, baraka top, iloyo unib-oʻsgin, joningdan aylanay bolam… biz bu soʻzlarni har kuni bir necha bor yuragimizdan chiqarib aytamiz,  biroq bu soʻzlarning tarjimasini biror bir lugʻatdan topib koʻring-chi? 

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali anjumanda muhtaram Prezidentimiz ham “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allasini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin” deb aytgan edilar. Bu borada Abdulla Avloniy  tilda – millat ruhi yashaydi, deganlar. Bu ayni haqiqat.

– Ushbu umummilliy boyligimizni avaylab-asrash borasida aynan viloyatimizda qanday natijador ishlar amalga oshirilmoqda?

Ayonki, mana shunday, asrlar osha mardonavor kurashlarda gʻolib boʻlib kelayotgan xazinamiz, albatta, tashqi yozuvlarda aks etadi. Biz shuning uchun ham  bugun yozuvlarimizning, xususan, koʻchalardagi tashqi yozuvlarning “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga mosligini oʻrganish va taʼminlash masalasiga juda katta eʼtibor qaratmoqdamiz.

Hozirgi  kunda respublikamiz boʻylab oʻz faoliyatini olib borayotgan barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklari, vazirlik va idoralarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilarini men oʻzbek tilining himoyachilari, uning himoyasiga otlangan kurashchilar deb atagim keladi. Ushbu maqom-vazifaning tashkil etilishi ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Zero, bugungi globallashuv jarayonida, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tilning sofligini saqlab qolish, uni milliy boylik sifatida asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi juda muhim jarayondir.

Shuningdek, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda tilimizga turli soʻzlarning shaxt bilan kirib kelayotgani  ham haqiqat.

Ushbu vazifaga kirishganimdan keyin shahrimiz koʻchalarini bir-bir aylanib chiqdim. Tilimizning bevosita ifodasi boʻlgan baʼzi tashqi yozuvlarimizda uchrayotgan imloviy xatoliklar, xorijiy tillarda yozilgan yozuvlarni koʻrib, bu borada qiladigan ishlarimiz  koʻpligiga amin boʻldim.

Biz dastlab  shahardagi  mahallalarda joylashgan barcha turdagi obyektlar nomlarining bazasini yaratib oldik.  Shuningdek, ishchi guruhi tuzib, tashqi yozuvlarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga mosligini oʻrgandik. Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi, ularning koʻpchiligini bugungi kunda bartaraf etishga erishdik. Jumladan, birgina markaziy koʻchada 23 ta  peshlavhalar yangilandi. Shahardagi boshqa hududlarda ham bu jarayon davom etmoqda. Ayni damda koʻchalardagi, bozor va savdo shoxobchalaridagi, shahar va tumanlararo yoʻllardagi  yuzga yaqin yozuvlar qonun talablari asosida oʻzgartirildi.

Bizning faoliyatimizning yana bir muhim yoʻnalishi-geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini muvofiqlashtirib borishdir.

Shahrimizdagi barcha mahallalar va koʻchalarning nomlarini Davlat kadastrlar palatasi Urganch shahar filiali  bilan hamkorlikda qayta koʻrib chiqib, xatlovdan oʻtkazdik. Maʼlumki, keyingi yillarda shahrimizda aholining turmush sharoitini, yashash darajasini yaxshilash maqsadida hukumat dasturlari asosida koʻplab yangi turar-joylar barpo etildi. Va buning natijasida,  ayonki, yangi koʻchalar bunyod boʻldi. Shuningdek, xatlov natijasida shahrimizda 2 ta takroriy koʻcha nomlari borligi aniqlandi. Mana shu  15 ta yangi koʻchaga hamda 2 ta takroriy koʻchalarga  yangi nom berish masalasi ham tegishli tartibda koʻrib chiqilib, “Davergeodezkadastr” Davlat qoʻmitasi tomonidan ekspertizaga taqdim qilinib, xulosalar olindi, Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashining sessiyalarida tasdiqlandi. Bugungi kunda shahrimizdagi mavjud jami 501 ta koʻchaning barchasi nomlangan, takroriy nomlar esa mavjud emas.

– Markaziy koʻchalarda, savdo shohobchalari,  tijorat doʻkonlari binolari peshtoqlarida til meʼyorlariga mutlaqo zid ravishda yohud xorijiy  tillarda  yozilgan, mazmunan buzib bayon qilingan shior, turli yozuvlarni koʻrishimiz mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

Bugungi kunda  shahar hududida matbaachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxona rahbarlariga reklama va bannerlarni chop etishda davlat tili qonuni talablariga qatʼiy rioya qilinishi boʻyicha shahar hokimining maxsus xati asosida topshiriqlar berildi. Qolaversa, ular bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilgan. Deylik,  zarur hollarda, shu reklama va bannerlar yozuvlarini chop etmasdan oldin til meʼyorlariga mos va xosligini  koʻrib chiqish amaliyoti  qoʻllanilmoqda. Misol tariqasida “Mirzo va R”, “Ruslan Samadov”, “Komplekt” xususiy korxonalari, “RIM.uz.” reklama agentligi bilan hamkorlikdagi ishlarimiz oʻzining yaxshi natijalarini koʻrsatmoqda.  Turli reklama mahsulotlarini chop qilish va  ishlab chiqish bilan shugʻullanayotgan korxonalarga amaliy koʻmagimiz natijasida  tashqi va ichki reklamalarning sifatli chiqishiga erishilmoqda.

Albatta, yillar davomida toʻplanib qolgan va eʼtibordan qolib kelgan bu xatoliklarni qisqa vaqt ichida birdaniga, toʻliq bartaraf etish ham maʼlum muddatni talab etadi. Buni ham toʻgʻri tushunishimiz kerak. Ammo, muhimi, ona tilimizni asrash  borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Bu borada olib borilayotgan ishlar albatta oʻzining ijobiy samarasini  koʻrsatadi.

– Shaxsan, ushbu  lavozimda faoliyat yuritib, hamda filologiya fanlari nomzodi,  oʻzbek tili boʻyicha yetuk mutaxassis sifatida hamshaharlarga, eldoshlaringizga  nimalar degingiz keladi?

Men fursatdan foydalanib, keng jamoatchilikni, jumladan, tilimiz taqdiriga befarq boʻlmagan yoshlarimizni, uning sofligi uchun samimiy, yurakdan jon kuydiradigan faollarimizning har birini bu borada biz bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqiraman. Shuningdek, barcha idora va tashkilotlar, korxonalar rahbarlarini, tadbirkorlarimizni tashqi yozuvlarning “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni talablariga mos holda boʻlishiga eʼtibor qaratishlarini soʻrayman.

Barcha eldoshlarimizga maʼlumki, ayni paytda davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda toʻlaqonli joriy etish hamda faol qoʻllanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!”  Respublika tanlovi eʼlon qilingan. Bugungi kunda  ushbu tanlovga tayyorgarlik koʻrish ishlari boshlab yuborildi.

Ishonamanki, oʻzbek tilimizni bor jozibasi bilan asrash, uni millatimizning, xalqimizning haqiqiy boyligi sifatida ulugʻlash va kelajak avlodlarga yetkazish har bir yurtdoshimizning yurak amriga, ezgu niyatiga aylanadi. Negaki til orqali millatning maʼnaviyati, madaniyati, bebaho qadriyatlari namoyon boʻladi. Shuning uchun tilimizning sofligini asrash har birimizning muqaddas burchimiz. 

– Mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

– Sizga ham ona tilimizning jonkuyari sifatidagi faoliyatingizga rahmat deyman, bu borada har birimizga omadlar yor boʻlsin, salomat boʻling.

Suhbatdosh: Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.