TOSHKENTDA UY-JOYNI PROPISKASIZ RASMIYLASHTIRISH TARTIBI QACHON ISHGA TUSHADI?

0
170
marta koʻrilgan.

Odamlar birovning nomida boʻlgan uyini oʻz nomiga oʻtkazish yoki oʻz nomiga uy-joy sotib olish bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirishni talab qilmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi Farmoni bilan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Unda nazarda tutilgan umidbaxsh gʻoya va maqsadlar yurtdoshlarimizni befarq qoldirmadi. 

Davlat dasturi tasdiqlanishi bilan adliya, xususan, notarial idoralarga murojaatlar soni keskin oshgani kuzatilgan. 

Buning boisi Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini koʻrgan holda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilganidir. 

– Koʻpchilik bu yangilikni eshitishi bilan uy-joy kadastr hujjatlari bilan notariuslar huzuriga oshiqmoqda, – deydi Mirobod tumani 3-sonli davlat notarial idorasi notariusi Raʼno Komilxoʻjayeva. – Aynan shu masala boʻyicha telefon qoʻngʻiroqlarining ham oxiri koʻrinmayapti. Odamlar Davlat dasturi tasdiqlanishi bilan birovning nomida boʻlgan uyini oʻz nomiga oʻtkazishga yoki oʻz nomiga uy-joy sotib olish bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirishimizni talab qilmoqda. Ularga zarur huquqiy tushuntirish beryapmiz. 

Darhaqiqat, ushbu masala koʻpdan buyon odamlarni qiynab kelayotgan edi. Shu bois ushbu masala bilan bogʻliq axborotlar xalqimiz orasida, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin bahs-mulohazalarga sabab boʻlgani ham sir emas. 

Xoʻsh, fuqarolarni qiynagan bu masala amalda qachon yechimini topadi? 

– Davlat dasturi yil davomida amalga oshiriladigan amaliy ishlar, qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar aks ettirilgan yirik hujjatdir, – deydi Adliya vazirligi qonunchilik bosh boshqarmasi boshligʻi Xudoyor Meliyev. – 2018 yilga moʻljallangan Davlat dasturi 5 boʻlimdan iborat boʻlib, shu asosda 37 qonun ishlab chiqiladi. 142 normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish hamda turli sohalarni qamrab oladigan 52 amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Davlat dasturining 56-bandida koʻrsatilgan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida doimiy va vaqtincha roʻyxatga qoʻyish (hisobga olish) tartibini soddalashtirishga oid ishlar boʻyicha Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari masʼul qilib belgilangan. Mazkur band boʻyicha 2018 yil 20 martgacha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi. Bu loyihalar joriy yilda amalga oshiriladigan ishlarga oid Davlat dasturida belgilangani uchun ham shu yilning oʻzida qabul qilinishi mumkin. Mazkur hujjatlar kuchga kirganidan keyin amaliy ishlarga kirishiladi. 

Norgul Abduraimova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.