Utilizatsiya yigʻimidan tushadigan pullar qayerga ketadi?

0
155
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida «Avtotransport vositalari uchun utilizatsiya yigʻimlarini joriy etishning xalqaro tajribalari» mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda milliy ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi texnikalarining ekologiyaga salbiy taʼsirini kamaytirish, ichki bozorni past samarali, eski qishloq xoʻjaligi texnikalaridan himoyalash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

“Mashina traktor parklari balansida yoki kimlarningdir uyida eski traktorlar turibdi, tagiga kunda qoʻyib koʻtarib qoʻyishgan, gʻildiraklari ham yoʻq, — dedi «Oʻzagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqarma boshligʻi Hasan Nasibov. — Metallolomga har kilosi uchun oʻrtacha 1,5 ming soʻmdan topshirsa, 2 tonnasiga 3 mln soʻm oladi. Lekin ichidagi detallari yaroqli va metallari butun boʻlishi mumkin. Bu metallarning har birini oʻz qiymatida xarid qilinishini taʼminlash kerak, bu oson ish emas”.

AJ mutasaddilari eskirgan, foydalanishga yaroqsiz texnikalar respublika boʻyicha koʻpayib ketganini taʼkidladi.

“Hamma joyda eski qishloq xoʻjaligi texnikalari toʻlib ketdi, — dedi Hasan Nasibov. — Endi hozirgi holatda nima boʻladi? Qishloq xoʻjaligi texnikasi bor odam utilizatsiya yigʻimi punktiga keladi, texnikasini topshiradi. Istasa, texnika qiymatiga teng pulni qabul qilib oladi. Xohlasa, foizli chegirma asosida yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi xarid qilishi mumkin boʻladi”.

Muloqot davomida utilizatsiya punkti tashkil etilishi natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilishi, bu investitsiya va yuqori texnologiyalarni talab qilishi qayd etildi.

“Mamlakatimizda 200 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikasi mavjud boʻlsa, shuning 65 foizi yaqin yillar ichida ekspluatatsion muddatini oʻtaydigan mashinalar hisoblanadi, — dedi «Oʻzagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqarma boshligʻi Umid Rajabov. — Masalaga iqtisodiy nuqtai nazardan qaraylik. Bizda 1 gektar yerdan olinadigan hosil uchun sarflanayotgan solyarka miqdorining hisob-kitobini qilsak, mahsulotning tannarxi keskin oshib ketayotganiga guvoh boʻlamiz. Mexanizatsiyalashuv darajasi yuqori boʻlgan Yevropa yoki MDHdagi boshqa davlatlarga nisbatan mamlakatimizda mahsulot tannarxi baland boʻlib boraveradi. Biz nafaqat texnikalarning, yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ham jahon bozoridagi raqobatbardoshligi haqida oʻylab koʻrishimiz kerak”.

Maʼlum qilinishicha, utilizatsiya yigʻimi uchun bir marta toʻlov qilinadi. Qonun loyihasida diplomatik korpuslar vakillari utilizatsiya yigʻimi toʻlashdan ozod etilgani belgilangan.

“Agar siz mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlarini xarid qilmoqchi boʻlsangiz, utilizatsiya yigʻimini siz toʻlamaysiz, siz uchun ishlab chiqaruvchi toʻlaydi, — dedi Hasan Nasibov. — Agar import texnikalarni olmoqchi boʻlsangiz, oʻzingiz toʻlov qilasiz”.

Mutasaddilar foydalanishga yaroqsiz texnikalarning tabiatga zararini kamaytirish kelgusida respublika byudjetidan katta mablagʻ talab etishini taʼkidladi. Ushbu mablagʻlarni qoplashda qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun utilizatsiya yigʻimlarini joriy qilish maqsadga muvofiq ekani aytildi.

“Maqsad byudjetni toʻldirish emas, — qayd etdi Hasan Nasibov. — Yigʻim pullari alohida jamgʻarmaga kelib tushadi. Va ular utilizatsiya bilan shugʻullanadigan korxonalar faoliyatiga yoʻnaltiriladi”.

Jurnalistlar “Bunday korxonalar Oʻzbekistonda bormi?” deya savol berdi.

“Hozircha yoʻq, — dedi Hasan Nasibov. — Lekin qonun qabul qilingandan soʻng utilizatsiya ishlari bilan shugʻullanuvchi korxonalar tashkil etiladi. Oʻylaymanki, tadbirkorlar bunga qiziqish bildirishadi”.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.