Xabaringiz bor, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga subsidiyalar berish jarayonlari qaytadan ishga tushirildi.
Subsidiya oʻzi nima?
Subsidiyalar — daromadi yuqori boʻlmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlangʻich badal yoki kredit foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan qaytarib berilmaydigan mablagʻlar.
Boshlangʻich badal — bu birlamchi bozordagi (yaʼni, yangi qurilgan) uy-joylarni sotib olish uchun ajratiladigan pullar. Shahar va qishloq joylarda ularning qiymati har xil boʻladi.
Subsidiya, shuningdek ipoteka krediti boʻyicha foizlarni qoplash uchun ham berilishi mumkin.
Bunda qishloq joylarda — birinchi 5 yil davomida ipoteka krediti boʻyicha foiz toʻlovlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga, Shaharlarda (shu jumladan, Toshkent shahrida ham) esa — dastlabki badalning bir qismini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida;
Toshkent shahrida birinchi besh yil davomida kredit boʻyicha foizlarni qoplash uchun — 12 foizlik punktdan oshgan qismiga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʻlanadi.
Har bir hududda quriladigan uy-joylar sonidan kelib chiqib, yil davomida ajratiladigan subsidiyalar miqdori haqida Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikka qarshi kurashish vazirligi, Qurilish vazirligi hamda tegishli hokimliklari tomonidan ommaviy axborot vositalarida maʼlumot beriladi.
Subsidiya olish uchun arizani Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda berish mumkin.
Subsidiyalar kimga beriladi?
Mazkur mablagʻlar faqatgina uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalar, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa Oʻzbekiston fuqarolariga ajratiladi.
Subsidiya olish uchun fuqaro 18 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak. Agar fuqaro mehnat migranti boʻlganda, uning nomidan oila aʼzolari ham ariza berishi mumkin.
Subsidiyalar faqatgina ariza beruvchining roʻyxatdan oʻtgan hududi boʻyicha beriladi.
Subsidiya va arzon uylar — bir xil tushunchami?
Subsidiyalar uylarni BOZOR NARXIDA xarid qilishga beriladi. Yaʼni, subsidiya bilan arzon uy-joylar ikkita bir biriga umuman aloqasi yoʻq boʻlgan toifadagi tushunchalar.
Shuningdek, subsidiyalarga tegishli Farmon chiqishi bilan arzon uy-joylar dasturi yopilgani yoʻq! Hokimliklar fuqarolarni qabul qilmasliklari boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritilmagan.
Arzon uy-joy uchun NAVBATlaringiz DXMlar orqali oʻzgartirilmaydi. Ushbu masalada mahalliy hokimiyatlarga murojaat etish lozim.
Subsidiya olishda ballar… bu nima?
Subsidiya boʻyicha ariza topshirgan har bir talabgorga pul mablagʻi berilmaydi. Buning uchun bir qator talab va holatlarga javob berish lozim.
Subsidiya berilishi uchun avvalambor masʼul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga mezonlar boʻyicha ball beradi.
Masʼul organlar — ichki ishlar boʻlimi, moliya boʻlimi, davlat soliq inspeksiyasi, bandlikka koʻmaklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, ishtirok etuvchi tijorat banklari. Bularning hammasi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni haqqoniy ekanligini tekshirish uchun kerak.
Ijtimoiy mezonlar uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni aniqlashga xizmat qiladi. Ball toʻplash uchun mezonlarga talabgor va (yoki) uning oilasining daromadi (shahar va qishloq joylari uchun alohida koʻrsatkichlar belgilangan), turar joy maqomi (ijara yoki shaxsiy mulk), ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlganlar (mehnat migrantlari, yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, yolgʻiz ayollar va hokazo), shuningdek, oilada nogironligi mavjud boʻlgan shaxslar inobatga olingan.
Subsidiya tartib boʻyicha yuqori ball toʻplaganlarga beriladi.
Subsidiya olish uchun qanday maʼlumotlarni taqdim etish kerak?
– pasport;
– oila aʼzolarining pasporti va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (toʻliq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) boʻlganda) va farzandlarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan boʻlsa) nusxasi;
– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati toʻgʻrisida FHDYo organlari arxividan maʼlumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);
– doimiy propiska joyidan kadastr raqami va turiga tegishli maʼlumotlar;
– doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl boʻyicha) nusxasi;
– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida maʼlumotnoma (qoʻshimcha daromadlar boʻlsa soliq deklaratsiyasi).
Ariza yakunlari boʻyicha talabgorga ijobiy javob olingan taqdirda fuqaro oʻzining tanloviga koʻra subsidiyani uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich badal yoki kredit foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga qaratilgan mablagʻ shaklida olishi mumkin boʻladi.
Subsidiya olish uchun oylik maoshi qanday boʻlishi kerak?
Tumanlarda: Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida). MHTEKMning 3,8 dan kam boʻlmagan 4,5 dan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 2 581 000 – 3 056 985 boʻlishi kerak. Shunda 10 ball qoʻyiladi.
2.Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) MHTEKMning 4,6 dan kam boʻlmagan 5,2 dan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 3 124 918 – 3 532 516. Bu holatda 10 ball qoʻyiladi.
3. Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) yaʼni MHTEKMning 5,3 dan kam boʻlmagan 5,8 dan koʻp boʻlmagan va oylik miqdori soʻmda 3 600 449 – 3 940 114 holatda 2 ball qoʻyiladi.
Shaharlarda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar shaharlari):
Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida). MHTEKMning 4,0 dan kam boʻlmagan 5,0 dan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 2 717 000 – 3 396 650 boʻlishi kerak. Shunda 10 ball qoʻyiladi.
2.Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) MHTEKMning 5,1 dan kam boʻlmagan 6,0 dan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 3 464 583 – 4 075 990. Bu holatda 6 ball qoʻyiladi.
3. Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) yaʼni MHTEKMning 6,1 dan kam boʻlmagan 6,5 dan koʻp boʻlmagan va oylik miqdori soʻmda 4 143 931 – 4 415 664,5 holatda 2 ball qoʻyiladi.
Toshkent shahrida:
Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida). MHTEKMning 4,5 dan kam boʻlmagan 6,0 dandan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 3 056 998 – 4 075 998 boʻlishi kerak. Shunda 10 ball qoʻyiladi.
2.Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) MHTEKMning 6,1 dan kam boʻlmagan 7,5 dan koʻp boʻlmagan. Oylik miqdori soʻmda 4 143 931 – 5 094 997. Bu holatda 6 ball qoʻyiladi.
3. Oylik miqdori (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida) yaʼni MHTEKMning 7,6 dan kam boʻlmagan 9,0 dan koʻp boʻlmagan va oylik miqdori soʻmda 5 162 930 – 6 113 997. holatda 2 ball qoʻyiladi.
Talabgor ipoteka shartnomasi boʻyicha shartnoma majburiyatlarini (toʻlovlarni) surunkali ravishda bajarmaganda masala qanday hal qilinadi?
Agar talabgor ipoteka shartnomasi boʻyicha shartnoma majburiyatlarini (toʻlovlarni) surunkali ravishda bajarmasligi oqibatida ipoteka shartnomasi bekor qilinsa, shartnoma boʻyicha undiriladigan mablagʻlar, shu jumladan, ajratilgan subsidiyalar garovdagi uy-joy sotilishidan toʻliq ravishda qaytariladi.
Eʼtibor bering! Subsidiya olish jarayonida Davlat xizmatlari markazlari Sizdan faqatgina ariza olib qolib tayyor natijani taqdim etishga vakolatli.
Qolgan masalalar, yaʼni kimga, qaysi hamda qancha miqdorda subsidiyalar ajratishni tashkil etiladigan KOMISSIYa tomonidan hal qilinadi. Bu ishga Davlat xizmatlari markazi aralashmaydi.
Subsidiyalar bir oilaga (oila aʼzolarining bittasiga) FAQAT 1 marta beriladi.
Subsidiya ajratish uchun qaysi vaqtda arizalar qabul qilinadi?
Subsidiya olish uchun arizani tegishli parametrlar belgilanganidan soʻng yil davomida topshirish mumkin
Ravshan SAʼDULLAYEV, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotining Mirobod tumani huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi