“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va UzAuto Motors kompaniyasi tashabbusi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan media-reja asosida press-tur tashkil etildi.
Jurnalistlar safar davomida UzSangvu, Avtooyna, Uz-Chasys, Uz-Koji, UzDongVon hamda UzAuto Motors (sobiq GM Uzbekistan) zavodidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.
Kecha zavod maʼmuriyatida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida kompaniya nomi oʻzgarib, “GM” soʻzidan voz kechilgan boʻlsa-da, Amerikaning GM avtomobilsozlik korporatsiyasi bilan hamkorlikdan voz kechilmagani, aloqalar toʻxtamagani va bundan keyin ham toʻxtamasligi maʼlum qilindi.
— Sifat kompaniyamiz uchun muhim va dolzarb masaladir, — dedi UzAuto Motors bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. — Agar sifatga rioya qilmay qoʻysak, GM biz bilan ishlashni toʻxtatib qoʻyadi, bunga ularning haqqi bor, oʻzaro kelishuv haqidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatda shunday yozib qoʻyilgan. Chunki bizda avtomobillar Chevrolet brendi ostida ishlab chiqarilmoqda, Chevrolet esa GM ga tegishli. Agar biror jihoz sifatsiz yoki yaroqsiz boʻlsa, bu GM ning iqtisodiy siyosatiga, imidjiga putur yetkazadi. Shuning uchun korxonamizda ishlar, sifat nazorati General Motors kompaniyasi standarti boʻyicha davom ettiriladi.
Kompaniya rebrendingi boshqa loyihalarga taʼsir koʻrsatmasligi, xususan, Ravon brendi ham oʻzgartirilmasligi qayd etildi. Aytilishicha, zavodda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar xorijiy davlatlarga Ravon brendi ostida eksport qilinishi davom etadi.
UzAuto Motors bosh direktori OAV vakillari savollariga javob berar ekan, yangi loyihalar haqida maʼlumot berdi.
— Ravon brendiga oʻxshagan yangi brendlar yaratiladi, bu borada jiddiy va izchil ish olib borilmoqda, — dedi Rustam Rajabov. — Ular qanday brendlar ekanini hozircha oshkor qilolmayman. Yaqin kunlarda xabar topasiz. Bu syurpriz boʻladi.