Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat ATABEKOV yurtimizdagi vaksinatsiya jarayonlariga kiritilgan eng soʻnggi oʻzgarishlar haqida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmogʻida maʼlumot berdi.
Avvalo emlash haqidagi tushunchaga aniqlik kiritdi. Oʻzbekistonda emlash kalendariga muvofiq 13 ta turdagi emlash mavjud. Emlash kalendarini Respublika Bosh sanitariya shifokori tasdiqlaydi. Shu asosda davlatga buyurtma beriladi va davlat bu jarayonni moliyalashtiradi.
Shuningdek, mavsumiy emlash turi mavjud. Bu muayyan kasallikning mavsumiy avj olishidan kelib chiqib emlanadi. Bundan tashqari, dunyo hamjamiyatida singari epidemik koʻrsatma asosida emlash ham mavjud. Bu biror kasallik avj olganda ommaviy emlashni nazarda tutadi. Sogʻlomlashtirib emlash turi ham mavjudki, bunda bemor davolanganidan soʻng emlanadi.
Mamlakatimizda 12 iyuldan keyin kasallik koʻrsatkichida yana koʻtarilish kuzatilmoqda. Har kuni yuzlab, minglab odamlar shifoxonaga tushyapti. Afsuski shifoxonada davolanayotganlar orasida hayotdan koʻz yumganlar ham bor. Bunday vaziyatda dunyo eʼtirof etayotgan pandemiya, epidemiyaga qarshi kurashishning yagona yoʻli — emlash hisoblanadi. Aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitet shakllantirilmas ekan, vaziyatga ijobiy taʼsir qilish imkonsiz.
Shuning uchun 1 sentyabrgacha 18 yoshdan yuqorilarni ommaviy emlash tadbirlari boshlanadi. 1-bosqich 1-sentyabrgacha; 2-bosqich 1-oktyabrgacha va 3-bosqich 1-noyabrgacha amalga oshiriladi.
GUJUM.uz