Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev ishtirokida “Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, shuningdek, isteʼmol savatchasi hisobi hamda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor” mavzusida OAV vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekistonni 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish Konsepsiyasida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi. Jumladan, xizmatlar sohasida raqobat muhitini rivojlantirish, yangi uy-joy siyosatini tatbiq etish natijasida urbanizatsiya jarayonini maʼmuriy tartibga solish, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarni joriy etish orqali sogʻliqni saqlashning yangi modelini shakllantirish, noxomashyo bozorlarni kengaytirish uchun zaruriy sharoitlar yaratish koʻzda tutilgani aytildi.
Vazir ushbu Konsepsiya bilan tanishtirarkan, tariflar masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
“Hozirgi narxlar bilan iqtisodiyotda oʻsishni rejalashtirib boʻlmaydi, — dedi Botir Xoʻjayev. — Misol uchun, biz ming kubometr gazni xorijga 128 dollardan eksport qilyapmiz, aholiga esa xuddi shu gaz 41 dollardan yetkazib berilyapti. Shuningdek, bizda gaz qazib olish tannarxi ham juda baland. Rejamizga koʻra, 2030 yilgacha sanoat hajmi har yili 4 foizdan oshib borsagina, belgilangan maqsadimizga erishamiz”.
Jurnalistlar isteʼmol savatchasi haqida savol berdi.
“Bu tushuncha hozir mamlakatimizda test tizimida sinab koʻrilmoqda, lekin shuni aytish mumkinki, Oʻzbekistonda isteʼmol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming soʻmni, yashash uchun talab etiladigan eng kam mablagʻ esa 800 ming soʻmni tashkil qiladi, — dedi Botir Xoʻjayev. — Isteʼmol savatchasi degan tushuncha Oʻzbekistonda 2021 yilda joriy qilinishi moʻljallanmoqda”.
Muloqot davomida hozirgi vaqtda respublikada xufyona iqtisodiyot darajasi bir muncha baland koʻrsatkichda ekani taʼkidlandi.
“Tadqiqotlarimiz natijasiga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistonning xufyona iqtisodiyot darajasi taxminan 45-46 foizni tashkil etmoqda, — dedi vazir Xoʻjayev. —
Xufyona iqtisodiyot rivojlangan mamlakatlarda ham bor. Lekin uning iqtisodiyotdagi ulushi qanchaligiga qarab baholanadi. Bizning iqtisodiyotimizda bu daraja bir muncha baland.
Uning qoʻshimcha qilishicha, xufyona iqtisodiyotdan chiqishda valyuta siyosatini liberallashtirish va daromad soligʻidagi oʻzgarishlar sezilarli harakat boʻlgan.