AOKA huzuridagi shtabda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ishtirokida oʻtkazilgan brifingdan muhim maʼlumotlar:
Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyati respublikamizning barcha hududlarida yana qayta yoʻlga qoʻyiladi.
Karantin cheklovlari joriy qilinishi munosabati bilan ishsiz qolgan, doimiy daromad manbaini yoʻqotgan va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida tartib joriy etildi.
Vazirlik tomonidan ishsiz, doimiy daromad manbaini yoʻqotgan va ehtiyojmand aholi qatlamlarining manzilli roʻyxati shakllantiriladi.
Bu roʻyxatga:
taʼminot manbai boʻlmagan yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan, ogʻir kasallikka chalingan, koʻp bolali oilalar;
ijtimoiy nafaqasi oʻz ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbaiga ega boʻlmagan oilalar;
chin yetimlar, bola tarbiyasi bilan qarindoshlari shugʻullanayotgan oilalar;
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham nogiron boʻlgan oilalar;
14 yoshgacha boʻlgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham ishsiz boʻlgan va ish izlovchi sifatida bandlikka koʻmaklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
mehnatga layoqatli aʼzolari boʻlgan, biroq hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum boʻlgan, mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yoʻqotib, hozirda daromadsiz qolgan fuqarolarning oilalari kiritiladi.
Ehtiyojmand oilalarga Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlariga muvofiq, “Mahalla” fondi va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalaridan zarur mablagʻlar ham ajratiladi.
Joylardagi mahalliy hokimliklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari bilan birgalikda manzilli roʻyxat asosida zarur oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlaridan iborat moddiy koʻmak yordamlarini shakllantiradi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan hozircha muhtojlik darajasi oʻta yuqori boʻlgan 101 ming 980 nafar fuqaroning hududlar kesimidagi roʻyxati shakllantirildi.
Joylarda shakllantirilgan roʻyxatlarda mavjud boʻlmagan, ammo zarur oziq-ovqat va dori-darmonga muhtoj boʻlgan fuqarolar 1197 qisqa raqamli telefon tarmogʻiga murojaat qilishlari hamda oʻz ehtiyojlarini bayon etishlari mumkin.
Mazkur telefon tarmogʻi orqali bogʻlangan fuqarolar murojaati ham alohida eʼtiborga olinadi hamda ularga ham zarur ijtimoiy yordam mahsulotlari yetkazib beriladi.