Vazirlik vakili: Import bojini «noʻl» qilib qoʻysak, bizda ahvol yaxshi boʻlmaydi

0
225
marta koʻrilgan.

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshliqlari Fazliddin Roʻziyev, Temurmalik Xoliqov ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot va intervyu boʻlib oʻtdi.

Unda “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019 yil 1 maydagi Prezident qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.

Muloqot davomida vazirlik huzurida elektron kooperatsiya birja portali platformasi joriy etilishi maʼlum qilindi. Yangi platforma orqali byudjet va korporativ hamda strategik xaridorlar buyurtmasi doirasida erkin raqobat va narx shaffofligi taʼminlanadi.

Tadbirda iqtisodiyotda talab yuqori boʻlgan, respublikamizda ishlab chiqarilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi 99 turi vazirlikning veb-saytiga tadbirkorlarga yetkazish uchun joylashtirilgani va oʻzlashtirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgani qayd etildi.

Daryo.uz muxbiri: “Maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import mahsulotlarga qoʻyilgan bojlar tufayli monopoliyaga yoʻl ochib bermayapmizmi?” degan savol bilan murojaat qildi.

— Maishiy texnika tayyor mahsulotlari uchun import bojini “noʻl” qilib qoʻysak, shu sohani rivojlantiraman deb Oʻzbekistonga qaysi investor keladi? — deya savolga savol bilan javob qaytardi vazirlik boshqarma boshligʻi Fazliddin Roʻziyev. — Agar biz importni ochib qoʻysak, u tayyor mahsulotni olib kelib sotaversa, valyutamiz chetga chiqib ketaversa, shu toʻgʻrimi? Qaysi salohiyatli sarmoyador kelib mamlakatimizda ishlab chiqarish tashkil qiladi? 10 yil oldin Oʻzbekistonda maishiy texnika vositalari ishlab chiqaradigan bitta “Artel” kompaniyasi bor edi. Hozirga qadar yurtboshimiz tomonidan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qancha qarorlar chiqarildi, chora-tadbirlar belgilandi. Shuning natijasida ichki bozorning 50 foizini maishiy texnika bilan qamrab oldik. Aynan maishiy texnika mahsulotlarini endi eksport uchun ham ishlab chiqaryapmiz. Bunday turdagi tovarlarimiz Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmanistonga eksport qilinyapti. Hatto oʻzimizning tadbirkorlar oʻsha davlatlarda ishlab chiqarish korxonalari tashkil qilyapti. Agar import bojini “noʻl” qilib qoʻysak, bizda ahvol yaxshi boʻlmaydi.

Muxbir fikrini misol asosida tushuntirishga harakat qildi: “Fuqarolarimiz Qozogʻistonga chiqib, 200 ming soʻmga texnika sotib olib kelgani yaxshimi yoki oʻzimizda chiqarilgan mahsulotlarni 500 ming soʻmga xarid qilgani yaxshimi, Oʻzbekistonga investorlar kelsin deb? Aholi uchun qaysi birini foydaliroq deb hisoblaysiz? Investitsiya kiritilishidan maqsad ham aslida xalq manfaatini koʻzlash emasmi? Yurtimiz aholisi arzonroq va sifatliroq mahsulotdan foydalansa, buning nimasi yomon? Masalan, oʻsha “Artel”ning maishiy texnika mahsulotlari oʻzimizda 500 ming soʻmga sotilayotgan boʻlsa, Qozogʻistonda 300-400 mingdan sotilmoqda, narxlar 100-200 ming soʻmga farq qiladi. Shuning uchun chegara postlari ochilganda juda koʻp fuqarolarimiz Qozogʻistonga chiqib, mahsulot olib kelishni boshladi. Lekin shunga ham toʻsiq qoʻyildi, xarid maqsadida oyiga faqat bir marta chiqib kelish yoki muayyan qiymatdan oshmasligi shart degan normalar joriy qilindi. Yaʼni, aholining arzonroq mahsulotdan foydalanishiga toʻsiq qoʻyildi. Bizga nima kerak: arzon mahsulotmi yo investormi?”

Iqtisod va sanoat vazirligi vakili koʻtarilgan masalaga, vaziyatga oʻz munosabatini bildirdi.

— Birinchi marta chegaralar ochilganda odamlar Qozogʻistonda mahsulotlar xuddi tekin, arzon deb oʻyladi-da, olib kelaverdi, — dedi Fazliddin Roʻziyev. — Lekin hozirgi holat bilan solishtirib koʻrish mumkin, bugungi kunda oʻzimizning mahsulotlar sifat va narx jihatidan qoʻshni davlatlardagi bilan tenglashdi. Agar biz mahalliy ishlab chiqaruvchini qoʻllab-quvvatlab, narx siyosatini nazorat qilib, ishlab chiqarish parametrlariga eʼtibor bersak, talab qoʻysak, bu ertaga albatta mevasini beradi. Agar siz aytganday, aholiga arzon boʻlsin deb imort bojini bekor qilsak, bu iqtisodiy nuqtai nazardan yaxshilikka olib kelmaydi.

Vazirlik vakilining soʻzlari qanchalik haqiqat ekanligini  vaqt va hayot koʻrsatadi. Vaqt oliy hakam deydi xalqimiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.