AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Botirjon Qurbonov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda karantinga doir muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
SAVOL: Poytaxtdagi «Abu Saxiy» bozori ochilgani, faoliyatiga ruxsat berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Axir hali Toshkent xavf saqlanib qolgan hudud hisoblansa, bozorlarni ochishga ehtiyoj bormidi?
JAVOB: Ayni vaqtda respublika maxsus komissiyasining Qarori bilan oziq-ovqat faroliyati bilan bogʻliq boʻlgan xizmat turlari hududning toifalanishidan qatʼiy nazar faoliyat koʻrsatib kelmoqda. «Abu Saxiy» buyum bozori faoliyatiga ruxsat berilmagan va bu kabi xabarlar xaqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
SAVOL: Samarqandda karantin yana uzaytirilishi, cheklovlar saqlanib qolishi sababi nimada?
JAVOB: Karantin choralari hech qaysi hududa bekor qilingani yoʻq, faqat bosqichma-bosqich yumshatish choralari koʻrilyapti. Samarqandda yoki boshqa bir viloyatda kunlik kasallanishda bemor qayd etilgan taqdirda karantin choralari kuchaytiriladi.
SAVOL: Virus yuqtirganlar soni soʻngi paytlarda kuniga 60-80 taga koʻpaymoqda. Kasallanganlar nimaning hisobiga ortmoqda?
JAVOB: Oxirgi vaqtda aniqlangan kasalliklarning aksariyat qismi xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Jumladan, 13 may kuni qayd etilgan 65 ta kasallikdan 32 tasi xorijdan charter reys bilan olib kelingan yoki uzoq masofaga qatnovchi yuk tashuvchi fuqarolar oʻrtasida uchramoqda. Mamlakat ichida aniqlanayotgan bemorlar ham asosan karantinga olingan fuqarolar orasida kuzatilmoqda.
SAVOL: Avtomobil ehtiyot kismlari sotishga ixtisoslashgan «Farhod» bozori xodimlari orasidan virusga chalinganlar aniqlanib, bozorning hamma ishchilari karantinga olingani haqida oʻqib qoldim. Bu holat hozirgi kunda ishlayotgan boshqa bozorlaga taʼsir qiladimi?
JAVOB: Joriy yilning 11 may kuni 1989 yil tugʻilgan fuqaro R. J. «Farhod» avto ehtiyot qismlari bozoriga shaxsiy avtomobilida kelgan. Bozorga kiraverishda tashkil etilgan sanitariya-nazorat postida fuqaroning tana xarorati 37,5 Sga koʻtarilgani sababli ushlanib qolingan. Bemordan laboratoriya taxlili uchun namuna olingan va tez tibbiy yordam mashinasi chaqirilib shifoxonaga yuborilgan. Tibbiy koʻrik va laboratoriya tahlil natijalariga koʻra, fuqaroda kasallik tasdiqlanmadi. Bozorda zararsizlantirish ishlari hamda savdo shaxobchalarida sotuvchilar va fuqarolar oʻrtasida tushintirish ishlari oʻtkazildi. Ayni vaqtda bozor odatdagi tartibda oʻz ish faoliyatini davom ettirmoqda.
AZIZ YURTDOSHLAR, UYDA QOLING, KARANTIN TARTIBLARIGA RIOYa QILING.