Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida “2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati” mavzusida brifing boʻlib oʻtdi.
Tadbirda maʼlum qilinishicha, shu vaqt kesimida:
▪️prokuror qarorlari va taqdimnomalari asosida 408 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan;
▪️prokuratura organlari aralashuvi bilan 920 nafar fuqaroning kechiktirilayotgan 2,5 mlrd soʻm ish haqlari undirilgan;
▪️prokurorlarning protestiga asosan 693 ta noqonuniy sud qarorlari oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan;
▪️xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunlar ijrosi yuzasidan 137 nafar shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan;
▪️sogʻliqni saqlash sohasidagi qoʻpol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 456 mln soʻmlik yetkazilgan zarar undirilgan.
Voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosini taʼminlash borasida prokuratura organlari tomonidan 888 ta tekshirish oʻtkazilib, 4471 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilgan, — dedi Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev. — 5204 mansabdor shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 18 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi”.
Aytilishicha, voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik ahvoli tahlil qilinib, Bosh prokuror nomidan Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirlariga taqdimnomalar kiritilgan hamda tegishli chora-tadbirlar belgilangan.
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida suitsid holatlarining oldini olish yuzasidan taʼlim muassasalarining pedagog va psixologlari uchun metodik qoʻllanmalar tayyorlangan.
Bosh prokuror oʻrinbosari jurnalistlar savoliga javob berar ekan, Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning sobiq birinchi oʻrinbosari Jahongir Egamovga qarshi jinoiy ish ochilganini maʼlum qildi. Oliy sud raisining sobiq oʻrinbosari Bahodir Dehqonov ham shu ish doirasida qoʻlga olingan.
“Tergov jarayonida davlat sirlariga aloqador qator yuqori davlat organlari mansabdor shaxslari ishlari koʻrilayotgani tufayli tergovni yopiq tarzda olib borishga qaror qilingan”, — dedi Erkin Yoʻldoshev.
Brifingda joriy yilning 5 oyi mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi. Aniqlanishicha, korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 35 mlrd 652 mln 726 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan, tergov jarayonida ushbu zararning 25 mlrd 160 mln 870 ming soʻmi (yoki 70,5 foizi) undirilgan.