Vrachga pichoq bilan tajovuz qilgan fuqaro ustidan jinoiy ish ochildi

0
185
marta koʻrilgan.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda shifokorlarga pichoq bilan tajovuz qilinganligi aks ettirgan videolavha tarqalgan edi. Ushbu holat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganilib, quyidagilarni maʼlum qiladi.

Joriy yil 29 fevral kuni soat 22:31da Andijon shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining Travmatologiya boʻlimi qabulxonasiga 2001 yilda tugʻilgan M.F. ismli ayol bemor yuz-koʻzidan jarohat olib murojaat qilgan. Bemor shifokorlar koʻrigidan oʻtayotganda turmush oʻrtogʻi tomonidan kaltaklanganini aytgan.

Oʻrnatilgan tartibga koʻra, oʻzgalar tomonidan jarohat olgan holat mavjud boʻlsa, tibbiyot xodimi huquqni muhofaza qilish organlariga tezkor xabar berishi shart. Aks holda jinoyat yashirganlik holati bilan javobgarlik tortilishi mumkin. Shunga muvofiq, shifokor T. U. zudlik bilan mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar boʻlimiga xabar beradi.

Xabar berilganligidan norozi boʻlgan bemor ayolning egizak ukasi X. ismli shaxs eʼtiroz bildiradi. Shifokor unga oʻrtanilgan tartibni tushuntirgandan soʻng, bemorning ukasi shifokorni uyatli soʻzlar bilan haqorat qila boshlaydi. Shifokor unga soʻkinmasligini aytadi. Ular orasida tortishuv X.ning pichoq orqali shifokorga tajovuz tahdidi bilan davom etadi. Atrofidagi bir nechta odamlar X.ni agressiv holatdan qaytarishga urinishadi. Ammo u harakatlarini davom ettirib, pichoqni shifokor tomonga otib yuboradi. Biroq ushbu pichoq atrofdagi boshqa shaxsga tegadi. Bemor yaqinlari va atrofdagi boshqa shaxslar tomonidan X majburan tinchlantirilib, qabulxonadan olib chiqib ketiladi.

Eri tomonidan kaltaklangan ayol M.F. esa “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, Jagʻ suyaklari sinishi, yonoq, bosh, yuz, qorin, oyoq va qoʻllar yumshoq toʻqimalari jarohati” tashxisi bilan mazkur filialning Neyroxirurgiya boʻlimida joriy yil 4 mart kuniga qadar davo muolajalarini oladi.

Yuqoridagi videoxabarda, guvohi boʻlganingizdek, yosh yigit agressiv harakatlar qilib, shifokorga pichoq oʻqtalgan, jarohat yetkazishga uringan, hattoki, pichoqni otib yuborgan. Ushbu holatda fuqaro nafaqat tibbiyot xodimlari, balki atrofdagi insonlarga ham zarar yetkazishi mumkinligini oʻylamagani achinarli. Nima boʻlganda ham, shifokorlarga tajovuz qilishga uringan fuqaro xatti-harakatlariga nisbatan huquqiy baho berilib, qonuniy choralar koʻrilishi lozim.

Ushbu vaziyat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishi ochilib, oʻrnatilgan tartibdi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.