Soʻnggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari boʻylab metapnevmovirus infeksiyasi avj olayotgani hamda ushbu xastalik COVID-19dan ham xavfliroq ekanligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Xoʻsh, bu axborotlar qanchalik asosli? Umuman, metapnevmovirus oʻzi qanday infeksiya? U qaysi belgilar bilan namoyon boʻladi? Muolaja jarayoni qanday kechadi?
Sogʻliqni saqlash vazirdigi Matbuot xizmatining ushbu savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustam Ikramov javob berdi:
– Metapnevmovirus avvaldan maʼlum infeksiya boʻlib, birinchi marta 2001 yilda aniqlangan, – deydi mutaxassis. – Kasallik asosan havo-tomchi yoʻli orqali yoki baʼzi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi.
Mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi.
Xususan, qoʻshni Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy oʻsishi kuzatilayotgani, shu jumladan, 10 yillardan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani taʼkidlangan.
Metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yoʻtal va isitma belgilari bilan, xuddi oʻtkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo boʻladi, baʼzi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.
Kasallikni davolash odatda simptomatik boʻlib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qoʻllaniladi. Ogʻir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin.
Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.
Oʻzbekistonda ham ayni vaqtda oʻtkir respirator infeksiyalarning mavsumiy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Yurtimizda ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinyapti va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.
Oʻtkir respirator kasalliklarning bunday koʻtarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon boʻlib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqiramiz, –deydi Rustam Ikramov.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi ham ushbu kasallik yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Unda kasallikdan himoyalanish uchun profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish, odamlar gavjum joylarga bormaslik, ayniqsa, yosh bolalarni olib yurishni cheklash, kasallik belgilari paydo boʻlgan oila aʼzolarini alohida saqlab, shifokor koʻrsatmasiga asosan davolanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan toʻlgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani aytilgan xabarlar ham tarqalmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi maʼlumotlar mutlaqo asossiz.
Gap shundaki, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta – Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya boʻlimlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan.
Mazkur boʻlimlarning barchasi 6 yanvar kunidan qayta ochildi va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab boʻlgan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, OʻzA