Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari va mutasaddilari ishtirokida “Oʻzbekistondagi mehnat bozori holati, majburiy mehnat va mehnat migratsiyasi tizimi” mavzusidagi ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi mutasaddilar hamda masʼul lavozimdagi boshqa xodimlar ishtirok etdi.
Anjuman mehnat bozorining bugungi holati, majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, tashqi mehnat migratsiyasi, Koreya boʻyicha yangi tanlov tizimi, EPC Topic testi kabi dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlandi.
Tadbirda taqdim etilgan raqamlarga koʻra, hozirgi kunda mamlakatimizda mehnatga layoqatli aholi soni 19 millionga yaqin boʻlib, uning 13 milliondan ziyodi rasmiy ravishda ishlaydi. Ularning 5 milliondan oshigʻi rasmiy sektorda, 8 millionga yaqini norasmiy sektorda band.
Xorijda ishlayotganlar soni 2 million 300 mingdan ziyodni tashkil etadi. Tadbirda taʼkidlanishicha, ularni mamlakatimizda ish bilan taʼminlashga, yaʼni yangi ish oʻrinlari ochishga alohida ahamiyat berilayapti.