Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi.
Hujjatga asosan, xorijga chiqish pasportini olish uchun toʻlanadigan davlat boji eng kam ish haqining 120 foizini tashkil qiladi (243 276 soʻm).
16 yoshga toʻlmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun toʻlanadigan davlat boji eng kam ish haqining 80 foizini tashkil qiladi (162 184 soʻm).
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi yoʻq shaxslarga, shuningdek, 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun toʻlanadigan davlat boji eng kam ish haqining 100 foizini tashkil qiladi (202 730 soʻm).
Eslatib oʻtamiz, yangi pasport toʻq qizil rangda va 48ta sahifadan iborat boʻladi. Uni olish uchun fuqarolar yashash joyidagi ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilishi, ish joyi, oʻqish joyi yoki mahalliy boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlanadigan anketa-arizani topshirishi lozim boʻladi. Shuningdek, 3,5x4,5 sm oʻlchamdagi fotosurat, pasport nusxasi, harbiy boʻlimdan maʼlumotnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun) ham taqdim qilinadi.
Manbaa:kun.uz