Xotin-qizlarga foizsiz taʼlim krediti berilishi tartiblari

0
638
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining 2022 yil 18 iyuldagi PQ-323-sonli qaroriga koʻra, toʻlov-kontraktda oʻqiyotgan xotin-qizlarga joriy yildan boshlab imtiyozli foizsiz taʼlim krediti beriladigan boʻldi.

Ushbu taʼlim krediti Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalariga jumladan, davlat, xususiy va xorijiy OTMlar filiallari talabalariga ham daxldor. Ushbu qaror  oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilariga (texnikum, kasb-hunar kolleji va h.k.) ham tegishli.

Qaysi taʼlim shakliga beriladi, degan savol ham boʻlishi mumkin:  kunduzgi, sirtqi, kechki taʼlim shakllariga beriladi.

Quyidagilarga berilmaydi: super-kontrakt,  qoʻshma taʼlim,  masofaviy taʼlim,  ikkinchi mutaxassislik.

 Nega foizsiz deyilyapti 14 foizda berilar ekan-ku, degan savol boʻlishi mumkin.  Toʻgʻri, taʼlim krediti aslida 14 foizlik stavkada beriladi. Ammo, 14 foiz qismini xotin-qizlar toʻlamaydi, davlat toʻlab beradi. Yaʼni  Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi. Xotin-qizlar faqat taʼlim kreditining asosiy qismini toʻlaydi, xolos.

Toʻlash qachondan boshlanadi? Taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab (yaʼni olti oy oʻtib) 7 yil davomida qaytariladi. Masalan, 7 mln soʻm taʼlim krediti olinsa, oʻqishni tugatgandan soʻng, 6 oy oʻtgach 7 yil mobaynida oyma-oy 83 ming soʻmdan toʻlab boriladi.

Taʼlim krediti qaysi banklar tomonidan beradi?  Mikrokreditbank, Asaka bank, Agrobank,  Xalq banki,  Ipoteka bank,  Qishloq qurilish bank,  Turonbank,  Oriyent finans bank,  Milliy bank,  Oʻzsanoatqurilishbank,  Hamkorbank,  Aloqabank.

Qanday hujjatlarni taqdim qilish  kerak?  Bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, taʼlim muassasasi bilan toʻlov-kontrakt shartnomasi,  talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti boʻyicha hujjat.

Eslatma:  “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Aysha AXUNOVA, huquqshunos

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.