Aholini qiziqtirayotgan savollarga javob berib borish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan saytimizda har oyda bir marta Huquqiy axborot kuni tashkil qilingan edi. Navbatdagi maqolada bolali oilalarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga oid masalalar haqidagi savollarga javob topasiz:
Savol: Nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam qanday oilalarga va qachondan boshlab toʻlanadi?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga koʻra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila aʼzosiga oʻrtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq boʻlmagan oilalarga tayinlanadi.
Bunday moddiy yordam ariza beruvchining oʻzini oʻzi boshqarish organiga (yashab turgan mahallasiga) murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab toʻlanadi.
Savol: Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam toʻlash muddati qancha?
Javob: Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi boʻyicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi. Biroq bu bola ikki yoshga toʻlgan oydan keyingi oyga oʻtmasligi kerak. Bundan tashqari, agar tugʻilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bola parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi boʻyicha nafaqa kichik bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bir baravar miqdorda toʻlanadi.
Savol: Belgilangan muddat tugagandan keyin ham bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish mumkinmi?
Javob: Nomi zikr etilgan qarorga koʻra, bola parvarishi boʻyicha nafaqani kelgusida ham olishga muhtojligi boʻlgan taqdirda uni olgan shaxs toʻlovlarning avvalgi oʻn ikki oylik muddati tugashidan bir oy oldin, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar ushbu nafaqani uzluksiz toʻlanishini davom ettirish masalasini hal etish uchun belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yigʻiniga takroran murojaat etish huquqiga ega.
Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam toʻlashning belgilangan muddati tugagandan soʻng ariza beruvchi nafaqa va moddiy yordam toʻlashni yangi muddatga davom ettirilishini soʻrab ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan nafaqa va moddiy yordam toʻlash muddati tugayotgan oydan keyingi oyga beriladi. Takroriy murojaatlarni koʻrib chiqish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.