“Oʻzbekistonga sayyohatga yoʻl olgan har bir kishi bu mamlakatning qadimiy osori atiqalari, takrorlanmas goʻzal tabiati va oʻzining milliy urf-odatlari va anʼanalari bilan ajralib turuvchi diyorni kashf etadi” deya taʼrif beradi BAAning nufuzli “Al-Bayan” nashri.
Maqolada Toshkent, Xiva, Samarqand, Buxoro shaharlari tarixi va jozibasi batafsil ochib berilgan. Shuningdek, yurtimizdan chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti, ularning ilmiy merosi haqida alohida taʼkidlangan.
“Toshkent shahri oʻzining goʻzalligi, yashillikka burkangan bogʻlari bilan ajralib turadi. Poytaxt gavhari boʻlmish Hazrati imom majmuasi, Moʻyi Muborak madrasasi, Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Tillashayx masjidi va Imom Al-Buxoriy islom instituti joylashgan zaminda sokinlik huzurini his qiladi inson. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi ham har qanday sayohatchini islom tamadduni bilan yuzlashtiradi” deyiladi maqolada.
Shuningdek, maqolada 2750 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahridagi tarixiy obidalar: Registon majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi, Shohi Zinda ziyoratgohi, Ulugʻbek rasadxonasi va Bibixonim masjidi kabi joylar sehrli maskanga yetaklovchi ostonaga tenglashtirilgan.
Maqola muallifi Xorazm zaminining durdonasi sanalgan, hamon goʻzal va navqiron Xivada joylashgan Muhammad Aminxon, Qutlugʻmurod inoq madrasalari, Islomxoʻja minorasi, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli singari obidalar Xorazm meʼmorchilik maktabining oʻziga xos namunalari sifatida taʼriflaydi.
Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri – Buxoro oʻzgacha hayrat bilan taʼriflangan. Islom hamkorlik tashkiloti madaniyat vazirlarining 9-anjumani qaroriga koʻra, 2020 yilda Buxoro Islom madaniyati poytaxti sifatida eʼlon qilinishi ulkan tarixiy-madaniy va siyosiy voqea ekani, Buxoroi sharif xaqiqatan ham bunday sharafga munosibligi faxr bilan tilga olingan.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Muso al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Muin Nasafiy, Abdulholiq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi buyuk allomalar va mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi yuqori baholangan.
Muharrama Pirmatova, OʻzA