Marvarid qadimdan ayollarning sevimli taqinchoqi boʻlib kelgan. Bugungi kunda ham u xotin-qizlrning oʻz jilosi bilan maftun etib keladi. Marvarid taqinchoqlarni harid qilmoqchi boʻlgan kishi uning farqiga borishi kerak.
Marvarid ikki turga boʻlinadi: tabiiy va sunʼiy. Sunʼiy durlarning narxi unchalik qimmat emas. Tabiiy marvarid tabiatdan olinib, u chigʻanoq ichida paydo boʻladi. Sof marvaridning hosil boʻlishi murakkab jarayon. Uni ummon ostidan izlab olib chiqish ham oson emas. Shu bois, uning narxi ham arzon boʻlmaydi. Tabiiy marvariddan tashqari suv havzalarida yetishtirilgan chigʻanoqlardan ham marvaridlar olinadi.. Ular ham xuddi tabiiy marvaridlarga oʻxshab ogʻir boʻladi.
Mahsulot tanlashda eʼtiborli boʻling. Durni tanlash uchun uning yaltirashiga, rangiga, tovlanish sifati, hajmi-oʻlchami va shakliga eʼtibor qaratish lozim. Bu ishda shoshma-shosharlik ketmaydi.
Sof marvaridning ichi yaltiraydi. Uning yorqin taraflari va soyali joylari oʻrtasida oʻtkir kontrast koʻrinadi. Natijada uning ichida shar illyuziyasi koʻrinadi. Buni yaqqol koʻrish uchun marvaridning ustki yorqin tarafiga qarash kerak.
Marvarid rangi qanday boʻlishi kerak? Marvarid rangini yuzingiz shakli va sochingiz rangiga mos tarzda tanlang. Lekin boʻyalmagan dur jimjimador koʻrinadi. Tabiiysi, kulrang, qora, oq rangda pushti boʻladi. Oq ranglisi arzonroq baholanadi. Kamnamo dur pushti ranglisi boʻlib, u tabiatda kam uchraydi.
Shakli bilan xajmi ham ahamiyatga ega.
Asl marvarid dumaloq shaklda sip-silliq boʻladi. Agar unda qoramtir rangda koʻzga tashlanuvchi nuqsonlarni koʻrsangiz, bunday taqinchoqni olishga shoshmaslik kerak. Marvarid qanchalik katta boʻlsa, u shunchalik qimmat baholanadi.
Haqiqiy marvaridni aniqlash uchun uni 40-50 sm tepadan yassi hamda toʻgʻri joyga tashlanadi. Shu onda dur sakray boshlaydi. Sunʼiy dur bunday holatdan mustasno.
Sof marvaridni ultrabinafsha nurida kuzatganda, tabiiysi havorang boʻlib jilolanadi. Inson qoʻli bilan yaratilgani esa yashil tusda tovlanadi.
10 karatli lupada kuzatganda esa marvaridning oʻrta qismi va ustki qatlami orasida ingichka qora chiziq koʻrinadi.
Vasila POʻLATOVA