Qoraqolpogʻiston Respublikasiga tashkil etilgan press-turning birinchi kuni Amudaryo viloyatining mashhur madaniy meros obyekti “Chilpiq” tepaligini oʻrganishdan boshlandi.
Mazkur qadimgi Zardushtiylik yodgorligi — Dahmiy Chilpiq qalʼaning yoshi 2200 yildan ortiq. Chilpiq — bu 15 metr balandlikdagi 65 metr diametrga ega tomsiz dumaloq minora boʻlib, Nukusdan 43 km masofadagi tabiiy yassi tepalikning choʻqqisida joylashgan. Mazkur tepalik Zardushtiylar davrida marhumlarni minora ichida yovvoyi qushlarga yem uchun qoldiriladigan joy boʻlgan. Qushlar tomonidan suyaklar tozalangach, qoldiqlari yerga koʻmilgan. Ushbu dafn etish usuli zardushtiylik falsafasi bilan bogʻliq boʻlib, atrof-muhitni asrashga qaratilgan.. Keyinchalik Xorazmshoxlar davrida ushbu yodgorlik harbiy maqsadda yaʼni kuzatuv minorasi sifatida foydalanilgan.
Bu yerlarga arablarning kelishi (VII asr) bilanoq, minora qayta qurilgan, soʻngra, IX-X asrlarda qadimiy Xorazmning gullagan vaqtlarida yana taʼmirlangan. Bir qator tadqiqotchi olimlarning fikricha, xorazmliklar Chilpiqdan Xorazmshohlar davlatining boshqa qalʼalari bilan bir qatorda xabar yetkazish va mudofaa minorasi sifatida foydalanishgan. “Chilpiq” Qoraqalpogʻistonning yorqin yodgorliklaridan biri hisoblanib, hatto respublika gerbida ham uning tasviri aks ettirilgan.
Ushbu yodgorlikning hozirgi kundagi holati achinarli albatta, ammo u oʻziga sayyohlarni jalb etuvchi maskandir. Chunki aynan zardoʻshtiylar davridan saqlanib qolgan ushbu tepalikni koʻrish va yuqoridan hududni tomosha qilib uning tarixini eshitishga koʻpchilik qiziqadi.
Biz press-tur ishtirokchilari ushbu tepalikka chiqayotganimizda, haqiqatdan ham u yerda qandaydir sir-sinoatlar borligiga amin boʻldik, tor yoʻlak boʻylab tepalikni zabt etdik. Tabiat xodisalari tufayli qadimgi davr loy paxsalaridan yodgorlikning taxminan 20-30 foizi saqlanib qolgan. Quvonarlisi shu boʻldiki, tepalikda bir qator xorijlik sayyohlar bilan uchrashib, suhbatlashganimizda ular bizga Oʻzbekistonga ilk bora safar uyushtirishgani va aynan ushbu hududda joylashgan qalʼalarni koʻzdan kechirishni niyat qilishgani va barcha qalʼalarning tarixini oʻrganishganligi toʻgʻrisida maʼlumot berishdi.
Shu bilan birga, Amudaryo viloyati mutassadi xodimlari “Chilpiq”ning yangi koʻrinishi ifodalangan loyiha hujjatlari bilan tanishtirishdi. Turizmni rivojlantirish maqsadida yaqinda “Chilpiq” yodgorligi yonida xunarmand oʻtovlari, avtoturargoh va tepalikka chiqish uchun maxsus zinapoyalar barpo etilar ekan.
Ellikqalʼa tumanida biz “Tuproqqalʼa” yodgorligini oʻrgandik. Tarixiy yodgorlik miloddan avvalgi I-IV va VI asrlarga tegishli boʻlib u 1938 yil S.P.Tolstov ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan.
Tuproqqalʼa sahni toʻgʻri toʻrt burchak shaklida boʻlib, 17,5 ga yer maydoni teng, unda 2000-2500 kishi istiqomat qilgan. Shahar gumbazsimon yoʻlakli va burjli mudofaa devori bilan oʻralgan. Shaharning ichida joylashgan xonadonlarning orasidagi yoʻlaklar juda tor boʻlib, gʻishtlarga tushirilgan tamgʻalar orqali yashagan jamoalarning qaysi uruqqa mansubligini aniqlash mumkin boʻlgan. Hayratlanarlisi shuki, tashqi devorlarning qalinligi 7-9 metrga teng boʻlgan. Shaharni arxeologik qazish jarayonida 100ga yaqin turar joy va 8ta saroy aniqlangan. Zallar boʻrtma naqshlar va rangli xaykallar bilan jixozlangan. “Tuproqqalʼa” eramizning I-IV asrlarida Xorazm davlatining poytaxti hisoblangan. Shahar tarixi hamon oʻrganilmoqda. Arxeologik yodgorlikka chiqish uchun zinapoyalar barpo etilgan. Chunki, loysimon yoʻlaklar koʻtarilishga noqulayliklar tugʻdirgan.
Ammo, yodgorlikni konservatsiya qilish ilmiy kengash bilan kelishilmagan, maslahatlashilmagan va uning oqibatida yemirilib borayotgan devorlar oʻrnatilgan qoidasi boʻyicha taʼmirlanmagan. Bu muammo ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Hozir barcha konservatsiya ishlari toʻxtatilgan.
Kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari bilan “Ayazqalʼa” madaniy meros obyektiga tashrif buyurdik. Maʼlumki, milodimizning I asr ohiri va II asrlarida Xorazm Kushonlar imperiyasi tarkibiga kirgan. “Ayazqalʼa” uch kompleksdan iborat boʻlgan. “Ayazqalʼa” -1 qoʻrgʻoni 60 metr baland togʻ qoyasi tekisligida xom gʻisht bilan qoʻrilgan, S.P.Tolstovning fikriga qaraganda “Ayazqalʼa” da hayot milodimizning III-IV asrlarigacha davom etgan. U yerdan arxeologik qazish ishlarini olib borishganida II asrda zarb qilingan tangalar topilgan.
“Ayazqalʼa” -2 qoʻrgʻoni eramizning IV-VIII asrlarida barpo boʻlgan va qurilish ishlari IX asrga qadar davom etgan. Yaʼni, qalʼa Sulton Uvays togʻi va Qizilqum tomonlaridan kelgan koʻchmanchi-bosqinchilaridan himoya qilish maqsadida qurilgan. Uning pastki qismida “Ayazqalʼa” -3 qoʻrgʻoni bunyod etilgan, u yerdan topilgan 2ta tegirmon hozir Ellikqalʼa tuman tarix va arxeologiya muzeyida saqlanmoqda.
“Ayazqalʼa” qoʻrgʻonlarini koʻzdan kechirayotgan vaqtimizda, xorijiy sayyohlarning biri bilan suhbatlashdik. U Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan barcha madaniy meros obyektlar xaritasini shakllantirayotganini aytdi. Xaritaga kiritilayotgan har bir obyektning tarixini qiziqib oʻrganayotganini aytdi.
Qoʻrgʻonning yonida 20 ta oʻtovlardan tashkil topgan sayyohlar uchun maxsus turar joylar tashkil etilgan. Barcha xizmat turlari yaratilgan, ayniqsa tabiat qoʻynida, quyosh chiqishi-yu botishini kuzatib dam olishni istaganlar uchun bu maskan ayni muddao!
Xullas, madaniy meros obyektlarimiz tarixi borasida koʻplab rivoyatlar eshitdik. Bularning oʻzi alohida bir hikoya. Choʻl qoʻynidagi qadimiy qalʼalarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrishingiz va moʻjizalarni xis etishingizni tavsiya qilamiz.
M.Asqarxoʻjayeva, Madaniyat vazirligining matbuot kotibi