Islom hamkorlik tashkilotining «OIC Journal» jurnalida «Xiva: Islom olamining marvaridi va 2024 yilda turizm poytaxti» sarlavhali maqola chop etildi.
Unda Xiva shahri tarixi, islom madaniyati va ilm-fan taraqqiyotidagi roli, turistlar uchun mavjud sharoitlar, 2024 yilda «Islom dunyosining turizm poytaxti» deb eʼlon qilingani va ushbu maqom ostida oʻtkazilgan tadbirlar haqidagi muhim maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga taqdim etilgan.
«Oʻzining boy tarixi va betakror madaniyati bilan mashhur Oʻzbekistonning Xiva shahri 2024 yil 31 may- 2 iyun kunlari boʻlib oʻtgan Islom konferensiyasi turizm vazirlarining 12-sessiyasida dunyoning turli burchaklaridan, xususan, IHTga aʼzo mamlakatlardan koʻplab mehmonlarni qabul qildi. Sessiya «Turizm industriyasini barqaror va hayotiy tarzda rivojlantirish» asosiy mavzusida oʻtkazildi», – deyilgan maqolada.
Qayd etilganidek, oʻtgan yili ushbu qadim kent «Xiva – Islom dunyosining turizm poytaxti» shiori ostida xalqaro tadbir markaziga aylandi.
«Xiva Oʻzbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, 2500 yildan ortiq tarixga ega. Shahar YUNYeSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan oʻrta asrlarga oid Ichan-Qalʼasi bilan mashhur. Asl holicha saqlangan va «ochiq osmon ostidagi muzey» sifatida eʼtirof etiladigan Ichan-Qalʼa hududning boy madaniyati va ilm-fan taraqqiyotidan tortib, islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasigacha boʻlgan shonli oʻtmishga nazar tashlash imkonini beradi», – deb taʼkidlagan.
Nashrda Xorazm IX–XII asrlarda madaniyat va ilm-fan markazi boʻlgani, Xivadagi Maʼmun akademiyasida astronomiya, matematika, tibbiyot va kimyo sohalarida ilgʻor tadqiqotlar olib borilgani qayd etilgan. Bu hududdan Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy (algebra fani asoschisi) va astronomiya va falsafa sohasidagi faoliyati bilan mashhur Abu Rayhon Beruniy kabi taniqli olimlar yetishib chiqqan.
Maqola yakunida, «Xivaga tashrif buyuruvchilar qadimiy anʼanalar va zamonaviy yutuqlar uygʻunligidan hayratga tushishiga shubha yoʻq. Osoyishta muhit, mahalliy aholining mehmondoʻstligi va sayyohlar uchun ajoyib sharoitlar Xivani oʻzining tarixiy merosini saqlaydigan va unutilmas sayyohlik tajribasi uchun zamonaviy qulayliklar yaratuvchi noyob maskanga aylantiradi. 2024 yilda Xiva shahriga «Islom dunyosining turizm poytaxti» maqomi berilishi turizm industriyasi rivojiga sezilarli turtki boʻldi», – deb yozilgan.
Bundan tashqari, «OIC Journal»ning mazku sonida Xiva 2024 yil «Islom dunyosining turizm poytaxti» tadbirlari doirasida oʻtkazilgan «Oʻzbekistonda IHT Xalqaro yoshlar forumi boʻlib oʻtdi», «IHT Oʻzbekiston va BMT bilan ayollarning huquqlarini kengaytirish boʻyicha hamkorlik qiladi» sarlavhali maqolalar bosilgan.
Manbaa: Jurnalistlar. uz