Kavkaz togʻ tizmalari adrlarida yastangan kurort shahar – Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sihatgohi maftunkor tabiati, musaffo havosi va shifobaxsh mineral suvlari bilan ajralib turadi. Yana bir goʻzal oʻziga xos xususiyati – oʻzbekona urf-odatlarni, milliy qadriyatlarni ulugʻlashi, milliy bayramlarni keng nishonlashi bilan turfa millat dam oluvchilarini oʻziga jalb qiladi.
Kislovodsk shahrining markazida joylashgan “Oʻzbekiston” sihatgohi eng qadimiy oromgohlardan biri boʻlib, sakson yillik tarixga ega. Oromgoh Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining saʼy harakatlari bilan 2012 yildan esa butunlay yangidan “tugʻildi” va zamonaviy tus oldi, qayta taʼmirlandi. Bunyodkorlik ishlari hamon davom etayapti. Ular mamlakatimizdagi ulugʻvor islohotlarni, keng qamrovli bunyodkorlikni oʻzida ifodalayotgandek.
– Keyingi yillarda sanatoriyda har yozda oilaviy dam olamiz. Sihatgohda katta oʻzgarishlar amalga oshirilganligining guvohi boʻldik. 3-va 2-korpus qayta taʼmirlandi. Basseyn ishga tushdi. Shifobaxsh narzan, yessuntuki mineral suvlari isʼtemoli sanatoriyning oʻzida tashkil etilgan. Bu keksalar uchun ayni muddao boʻldi. Ayni kunda sihatgoh atrofi yanada obodonlashtirilayapti.-deydi dam oluvchi Oynisa Musulmonova, – Milliy ruh bilan bezatilgan moviy gumbaz va yam-yashil yoʻlaklar, osmonoʻpar daraxtlar, turfa archa-yu gullarning ifori soʻlim oromgohga yanada koʻrkamlik baxshida etgan.
Sanatoriyda anʼanaga binoan Oʻzbekiston mustaqilligining 28 yilligi keng nishonlandi. Oshxona va yoʻlaklar bayramona bezatildi. Konsert dasturlari, koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.
Oʻzbekona urf-odatga koʻra bayram munosabati bilan milliy taomnomalar sultoni palov damlandi va mehmon-u mezbonlarga tarqatildi.
Raʼno Zaripova