Oʻzbekistonda mega palov tayyorlandi

0
458
marta koʻrilgan.

17 avgust kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida Milliy telekanali tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi eng katta palov tayyorlandi. Ekspertlarning qayd etishicha, rekord miqdordagi ushbu taomning ogʻirligi 6 tonnani tashkil etdi.

Palov diametri 4,2 metr, hajmi deyarli 8 ming litr boʻlgan qozonda tayyorlandi. Ushbu qozon Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mazkur tadbir uchun maxsus quyildi. Qozonning umumiy ogʻirligi 7 070 kg, chuqurligi 1 metr. Oʻchoqning ogʻirligi esa deyarli 3 tonnani tashkil qildi.

Palovni tayyorlash uchun rekord miqdordagi masalliqlardan foydalanildi. Xususan, 826 kg mol goʻshti, 825,5 kg qoʻy goʻshti, 195 kg dumba va eng asosiysi, 1 650 kg guruch qozonga solindi. Shuningdek, 2 400  kg sabzi, 185 kg piyoz, 350 litr oʻsimlik yogʻi, 480 kg tuz ishlatildi hamda 4,5 kg zira, 165 kg zirk, 90 kg noʻxat va 3 kg qora murch bilan palovning taʼmi rostlandi.

Ushbu palovni tayyorlash uchun Oʻzbekistonning 50 dan ziyod taniqli oshpazlari jam boʻlishdi. Ular taomni 2 metrdan uzunroq kapgirlarda aralashtirib, suzishdi.  

Tayyor taom tadbir mehmonlari hamda Olmaliqning 22 mingdan ziyod aholisiga tarqatildi.

Umumiy hisobda, mega palovni tayyorlash, tarqatish – tashkilotchilik ishlariga 150 kishi hissa qoʻshdi.

Milliy telekanali maʼlumotlariga koʻra, bu tadbir dunyodagi eng katta palovni tayyorlash oldidan repetitsiya jarayoni edi. Oʻzbekistonda tayyorlangan eng katta palov boʻyicha dunyo rekordini oʻrnatish va uni Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun rasmiy urinish shu yilning 8 sentyabrida Milliy telekanalining 1 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan «Oʻzbegim» Milliy qadriyatlar festivali doirasida boʻlib oʻtadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.