Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori D.Narzikulov “Pekin-Ekspo-2019” koʻrgazmasi doirasida Jahon Turizm Shaharlari Federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda turizm sohasi istiqbollari haqida soʻz yuritildi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida Samarqand shahrida Jahon Turizm Shaharlari Federatsiyasi mintaqaviy forumini tashkil qilish masalasi muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, Jahon Turizm Shaharlari Federatsiyasi – Pekin tashabbusi bilan mashhur turistik shaharlar bilan hamkorlikda shakllangan xalqaro turistik tashkilot. 2012 yilning 15 sentabrida asos solingan Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi Pekin shahrida oʻz shtab-kvartirasiga ega. Tashkilot faoliyat yurituvchi rasmiy tillar – xitoy va ingliz tillari.
Jahon Turizm Shaharlari Federatsiyasi turistik shaharlarning xalqaro yoʻnalishlar sifatidagi jozibadorligini, ularning xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek turistik shaharlar va hududlarda muvozanatli iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyotni taʼminlashga koʻmak berishga yoʻnaltirilgan.
Samarqand shahriga Jahon Turizm Shaharlari Federatsiyasiga aʼzolik sertifikatini rasmiy topshirish marosimi 2019 yilning sentabrida Xelsinki (Finlyandiya)da oʻtkaziladigan Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasining navbatdagi sammitida boʻlib oʻtadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati