Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan turizm markazi qurilishini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga koʻra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari boʻladi.
Ayni paytda kongress xoll, “Abadiy shahar” karvon saroyi va 8 ta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari toʻrt yulduzli boʻladi.
Maʼlumki, Samarqandda mehmonxonalar koʻp boʻlishiga qaramay, sayyohlar koʻp kelganda oʻrinlar yetishmay qoladi. Masalan, 2019 yilda shahardagi barcha otellar band boʻlgan. Davlatimiz tomonidan turizm rivojiga katta imkoniyatlar yaratilayotgani, 90 ga yaqin mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilingani turistlarni yanada koʻproq jalb etmoqda.
Qurilayotgan markaz turistik xabga aylanadi. Bu yerda xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun ham keng sharoit boʻladi. Uni 2022 yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan.
Prezidentimizga mazkur yangi sayyohlik markazi imkoniyatlari, turistlarga koʻrsatiladigan xizmatlar haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari markaz boshqaruvini samarali tashkil etish, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Samarqandning turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi.
Samarqand shahrida ilk bor gastronomik koʻcha, Samarqand tumani “Konigil” mahalla fuqarolar yigʻinida yurtimizdagi birinchi turizm qishlogʻi tashkil etildi. Bunday maksanlar sayyohlarning viloyatda qolish vaqtini uzaytirish bilan birga, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga daromad manbai yaratishda muhim omil boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari mazkur turistik markazni shahar bilan bogʻlaydigan yoʻl oʻtkazgichni borib koʻrdi, Usta Umar Joʻraqulov va Afrosiyob koʻchalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.