Boʻstonlik tumanida boʻlajak jurnalist va blogerlar uchun “MEDIACAMP” loyihasi asosida uch kunlik seminar-treninglar oʻtkazildi. Ushbu tadbir ilm bilan amaliyotni uygʻunlashtirishda katta ahamiyatga ega boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida uch kunlik seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talablari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Xoʻjakent” oromgohida boʻlib, Oʻzbekistonning turizm, sport va madaniy salohiyatini yuksaltirishda OAVning ahamiyatiga bagʻishlangan qator seminar va treninglarda ishtirok etishdi.
Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tadbirni ochib berdi. U Oʻzbekistonning imijini yaratish, hamda islohotlar va yangiliklarni yoritishda OAV vakillarining oʻrni naqadar muhim ekanligi, bu borada boʻlajak jurnalistlarga katta umid bildirilayotganligini taʼkidladi.
Shu oʻrinda Bosh vazir oʻrinbosari Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetida aynan turizm sohasi targʻibotiga doir “Travel journalism” yoʻnalishining ochilganini taʼkidlab, uning maqsad- mohiyatiga alohida toʻxtaldi va kelgusida ushbu “MEDIACAMP” loyihasini ikki universitet talabalari bilan birgalikda oʻtkazishni taklif etdi.
Shuningdek, Xalqaro press-klub rahbari, rektor Sherzod Qudratxoʻjayev yosh ijodkorlarning bilim va tajribasini oshirishda bu kabi treninglarning ahamiyati katta ekanligini qayd etdi.
Turizm va sport vazirligi vakillari Temur Mirzayev, Shuxrat Isakulov va Umid Radjabov boʻlajak jurnalistlar uchun seminar- treninglar oʻtkazib, ularga turizm va sport sohalarini rivojlantirish va bunda OAVning roli haqida maʼlumot berishdi.
Talaba Toxirova Shaxzoda: “Biz, yosh jurnalistlar uchun yangiliklardan xabardor boʻlish, yetuk jurnalist boʻlib yetishish sirlari toʻgʻrisida nazariy bilim jarayonida ola olmagan katta imkoniyatni aynan “MEDIACAMP” loyihasi berdi. Seminar-trening yuqori saviyada boʻlib oʻtdi va nafaqat bilim berildi, balki, tadbir doirasida sport musobaqalari ham tashkil etildi. “MEDIACAMP” loyihasi yangi oʻquv yili oldidan bizga motivatsiya berdi ”, deya alohida taʼkidladi.
Tadbir doirasida yurtimiz sayyohlik salohiyati, jumladan Boʻstonliq tumani turistik salohiyatini hamda sportni rivojlantirishga doir eng yaxshi materiallar tayyorlagan talabalar ragʻbatlantirilishi ham taʼkidlandi.
Albatta, bu tanlov — ragʻbatlantirish talabalar uchun amaliyot mashgʻulotlari hamdir.
R. SAPAYEVA