Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, bu sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan taʼminlash mumkin. Shuningdek, turizmga xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yoʻldosh tarmoqlarda yana koʻplab ish joylari tashkil etiladi.
Buning uchun har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarli ekani qayd etildi. Misol uchun, Yangiqoʻrgʻon tumanida 16 ta dam olish maskanini tiklash hisobiga 1 ming 500 nafar aholini, Boʻstonliqda 10 ming oʻringa moʻljallangan koʻchma dam olish maskanlari tashkil etish orqali 8 mingga yaqin kishini ish bilan taʼminlash mumkin.
Qolaversa, Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan ham toʻla foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, koʻrmaganlar hali koʻp.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga vazirlik, idoralar va hokimliklar bilan birga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, koʻchma dam olish maskanlarini koʻpaytirish, tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini taraqqiy ettirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Hokimlar va sektor rahbarlariga sayyohlar boradigan barcha obyektlar, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalarida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash yuklatildi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, soha mutasaddilari va hokimlar hisobot berdi.
Yigʻilishda tegishli rahbarlar jam boʻlganidan foydalanib, gʻalla hosili oʻrim-yigʻimiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Bahor oylarida yogʻingarchilik yaxshi boʻlgani, pandemiya sharoitiga qaramay moddiy-texnika resurslari, mineral oʻgʻitlar qoʻshimchasi bilan yetkazib berilgani uchun moʻl hosil yetishtirilgani qayd etildi.
Oʻrim-yigʻimni har yilgiga nisbatan ertaroq yakunlash uchun barcha imkoniyatlar borligi, buning uchun ishni toʻgʻri tashkil qilib, hosilni qisqa muddatda uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, gʻalla oʻrilgan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, takroriy ekinlar ekish boʻyicha topshiriqlar berildi.