Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 sentyabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Biryoqlama iqtisodiyot barqaror boʻlmaydi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy isloh qilib, keng koʻlamda rivojlantirish choralari koʻrilmoqda. Xususan, turizm drayver sohalardan biri sifatida belgilanib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Masalan, sayyohlarga viza berish yengillashtirildi. Aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yoʻlaklar qilindi. Valyuta ayirboshlash bemalol boʻldi. Turizm korxonalari uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer soligʻi va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi. Mehmon oʻrinlari soni 2017 yilga nisbatan 3 barobar koʻpayib, 125 mingtaga yetdi. Mehmonlar elektron roʻyxatdan oʻtkaziladigan boʻldi.
Bu yil turizm pandemiyadan keyin qayta tiklanyapti. Sentyabrgacha yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga koʻpaydi. Yil boshidan buyon turizm eksporti hajmi 926 million dollar boʻldi. Yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati oʻrtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablagʻi 305 dollargacha koʻpaydi.
Ichki sayyohlar soni ham oʻtgan yilga nisbatan 3,5 baravarga oʻsib, 7,5 million nafarni tashkil qildi.
Prezidentimiz bu sohaga alohida eʼtibor qaratib, sharoit yaratayotgani bejiz emas. Chunki turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qoʻliga ish haqi boʻlib boradi. Boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi. Turizm sohasida yaratilgan bitta ish oʻrni turdosh tarmoqlarda qoʻshimcha ikkita ish oʻrni paydo boʻlishiga turtki beradi. Yaʼni, turizm ham aholi bandligini taʼminlash, daromadini koʻpaytirish, ham xizmatlar eksportini oshirishda juda katta manba.
Yigʻilishda turizm boʻyicha hududlardagi ishlar holati tahlil qilindi. Bu boradagi ulkan imkoniyatlar va ulardan foydalanish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi barpo etildi. Yaqinda u yerda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti yuqori saviyada oʻtdi. Bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va koʻplab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat koʻrsatishi mumkin.
Davlatimiz rahbari endi bu majmuaga sayyohlarni jalb etish, elchixonalar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” brendini targʻib qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Transport vazirligiga yangilangan Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xorijiy aviakompaniyalar reyslariga boʻlgan cheklovlarni olib tashlab, xalqaro qatnovlarni koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Shu yil 26 aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishda shahar va tumanlarda turizm xizmatlarini koʻpaytirish, bunday loyihalar uchun 1 trillion soʻmlik kredit resurslari ajratish choralari belgilangan edi. Buning ijrosi tahlil qilinar ekan, viloyatlarda sayyohlar boradigan joylar kamligi, mablagʻlar hali tadbirkorlarga yetib bormagani koʻrsatib oʻtildi.
Fargʻona viloyati hokimi 5 ta tuman va 3 ta shaharni qamrab olgan “Oltin vodiy sayyohlik halqasi”ni tashkil etish borasidagi ishlarni soʻzlab berdi. Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, tashabbuskorlarni moliyaviy va tashkiliy qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, suv omborlari, oʻrmon xoʻjaligi yerlarini oʻrganib, xavfsiz yerlarda turistik zonalar tashkil etish mumkinligi qayd etildi. Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazmning choʻl hududlarida “safari” turizmini rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Yana bir salohiyatli yoʻnalish – ziyorat turizmi. Mamlakatimizda 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgoh bor. Yigʻilishda bu imkoniyatni toʻliq ishga solib, yiliga kamida 1 million sayyoh jalb qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab mamlakatlaridan aviareyslarni koʻpaytirish, malakali gidlar tayyorlash, ziyoratgohlar sharoiti va yoʻllarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda turizmga ixtisoslashgan 135 ta mahalla bor. Ularning aksariyati uzoq hududlarda boʻlgani uchun infratuzilma masalasi dolzarb.
Shu bois Prezident turizm mahallalarida yoʻl, elektr, suv va internet muammosini hal etish boʻyicha dastur ishlab chiqishga koʻrsatma berdi.
Sayohatlar uchun avtomobil yoʻllari ham muhim. Lekin zamona zayli bilan avtomobillar soni tobora koʻpayib bormoqda. Masalan, “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishida besh yil oldin sutkasiga 25 mingta avtomobil yurgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 35 mingtaga yetgan. Oqibatda yoʻlga ketadigan vaqt ham ortgan.
Shuning uchun mamlakatimiz shaharlari oʻrtasida poyezd va samolyot qatnovlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz turistlar uchun qulayliklarni koʻpaytirish, sohaga oid tartiblarni soddalashtirish masalalariga alohida toʻxtaldi.
Masalan, bugungi kunda mehmonxona tashkil etish uchun 97 ta talab bor. Tadbirkorlarning fikrlarini inobatga olib, bu talablarni xalqaro standartlar asosida soddalashtirish vazifasi qoʻyildi.
Turistlarni ichki ishlar idoralarida roʻyxatga olish tartibida ham noqulayliklar bor. Xususan, xorijdan kelgan turistni mehmonxona 2 kun ichida, qarindoshinikida qolganda esa, uyning egasi 3 kun ichida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Ichki ishlar vazirligiga bu tizimni tahlil qilib, ortiqcha cheklovlarni olib tashlash boʻyicha topshiriq berildi. Bunda xorijiy turistlarni vaqtinchalik roʻyxatga olish oʻrniga onlayn xabardor qilish tartibiga oʻtiladi.
Shuningdek, turistik agentlarga ham litsenziya talabi bekor qilinib, xabardor qilish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali qoʻshimcha 1 mingta turagent paydo boʻlishiga imkoniyat yaratiladi.
– Turizm – bu ham investitsiya, ham eksport, ham yangi ish oʻrinlari va kambagʻallikni qisqartirish degani. Shuning uchun har bir hududda bu sohaga jiddiy eʼtibor qaratib, koʻproq sayyohlarni jalb etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umuman, kelgusi yilda 7 million xorijiy va 12 million mahalliy turistlarni jalb qilish, turizm eksportini 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi taʼkidlandi. Bu boʻyicha aniq yoʻnalishlar koʻrsatilib, ijrosiga masʼullar belgilandi.