Shvetsiyada olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, it boqish yurak va qon-tomir kasalliklarining oldini olib, oʻlim xavfini kamaytiradi, deb xabar beradi CNN axborot xizmati.
Aniqlanishicha , it boqmaydigan yolgʻiz yashaydigan kishilarga nisbatan it boqadigan yolgʻiz yashovchi odamlarda oʻlim xavfi 33, yurak va qon-tomir kasalliklari bilan boqliq oʻlim xavfi 36, yurak xuruji esa 11 foizga kamayar ekan.
Koʻpchilik bilan yashovchi kishilar uchun ham it boqish foydadan xoli emas ekan. Koʻpchilik bilan yashovchi it boqmaydigan kishilarga nisbatan koʻpchilik bilan yashovchi it boqadigan kishilar oʻrtasida oʻlim xavfi 11, yurak va qon-tomir bilan bogʻliq oʻlim xavfi 15 foizga pasayar ekan. Ammo, koʻpchilik bilan istiqomat qiluvchi kishilarga it boqish yoki boqmaslik omili yurak xuruji xavfini kamayishi yoki koʻpaymasligiga taʼsir koʻrsatmasligi maʼlum boʻlgan.
Tadqiqotda 40 yoshdan 80 yoshgacha boʻlgan 3,4 million shvetsiyalik aholining 12 yil davomidagi turmush tarzi oʻrganilib, shunday xulosaga kelingan.
It bilan muloqotda boʻlish kishidagi tushkunlik kayfiyatini yoʻqotib, ruhiy olamini yaxshilaydi. Itni toza havoga sayrga olib chiqish, yuvintirish, oziqlantirish kabi jismoniy harakatni talab qiluvchi parvarish qilish bilan bogʻliq mehnat esa kishining jismoniy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va oxir-oqibat bularning barchasi yurak va qon-tomir faoliyati yaxshilanishiga olib keladi.