Bir million yashil oila – kelajak uchun harakat!

0
133
marta koʻrilgan.

Bugungi dunyoda ekologik muammolarning keskinlashuvi, tabiiy resurslarning cheklanganligi va ulardan notoʻgʻri foydalanish kabi masalalar hal etilishi zarur boʻlgan dolzarb yoʻnalishlarga aylandi.

Oʻzbekistonda ham bu borada samarali choralar koʻrilmoqda. 2025 yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilinishi ekologik masalalarga davlat darajasida eʼtibor qaratilganidan dalolatdir. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida mazkur muammoga koʻproq eʼtibor berib ishlab chiqilgan 2025 yil Davlat dasturi loyihasi ham jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Mazkur loyihada “Bir million yashil oila” umummilliy harakatiga alohida oʻrin ajratilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi – ekologik madaniyatni rivojlantirish, aholini tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga jalb qilish va ekologik faol hayot tarzini targʻib qilishdir. Bu harakat doirasida bir qator dolzarb yoʻnalishlarda amaliy chora-tadbirlar koʻrilishi rejalashtirilgan.

Aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targʻib qilish. Jamiyatdagi ortiqcha va samarasiz xarajatlar, shuningdek, sogʻliq bilan bogʻliq muammolar turmush tarzidagi harakatsizlik bilan bevosita bogʻliq. Moddiy jihatdan qaraganda, avtomobil yoqilgʻisiga ketadigan mablagʻlar va transport vositalarining atrof-muhitga yetkazadigan zarari dolzarb masalaga aylanmoqda.

Shu bois “Bir million yashil oila” harakati kundalik yurish va yugurishni hayot tarziga aylantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Ushbu tashabbus doirasida turli sport tadbirlari, ommaviy marafonlar, oilaviy yugurish musobaqalari tashkil etiladi va faol targʻibot ishlari olib boriladi. Bu nafaqat shaxsiy salomatlikni yaxshilaydi, balki avtomobillardan foydalanishni qisqartirish orqali havo ifloslanishini kamaytirishga ham xizmat qiladi.

“Yashil transportda”, jumladan, velosipedda harakatlanishni ragʻbatlantirish. Transport dunyo miqyosida asosiy ifloslantiruvchi vositalardan biridir. Oʻzbekistonda shaharlardagi yoʻl harakatini ekologik xavfsiz tarzda tashkil etish “Bir million yashil oila” harakatining muhim yoʻnalishlaridan biridir.

Bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, velosipedlardan foydalanishni ragʻbatlantirish uchun maxsus yoʻlaklar yaratish hamda velosiped ijarasi xizmatlarini kengaytirish va undan foydalanish uchun sharoitlar yaratish, jamoat transport tizimiga elektr avtobuslar va taksilarni kiritish aholini yashil transport vositalarini tanlashga undaydi. Elektr transport vositalari uchun quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻini kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat transport ekologiyasini yaxshilaydi, balki iqtisodiy samaradorlikni ham taʼminlaydi.

Plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish. Har yili sayyoramizda milliardlab tonna plastik chiqindi yigʻiladi, bu esa tabiatga jiddiy zarar yetkazadi. Plastik mahsulotlar yerda asrlar davomida parchalanmasdan qoladi va atrof-muhitni ifloslantiradi. Shuning uchun plastikdan foydalanishni cheklash va uning oʻrnini bosuvchi ekologik mahsulotlarni keng joriy etish harakatning ustuvor vazifalaridan biridir. Davlat tomonidan ishlab chiqilgan dastur doirasida qayta ishlanadigan materiallardan ishlab chiqarilgan sumkalar, idishlar va boshqa mahsulotlarni targʻib qilish koʻzda tutilgan. 

Shuningdek, plastikdan foydalanishni cheklash boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish va ishlab chiqaruvchilar uchun iqtisodiy ragʻbatlantiruvchi choralar koʻrish maqsadga muvofiq.

Oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish. Har yili katta miqdorda oziq-ovqat isrof qilinadi, bu nafaqat iqtisodiy yoʻqotishlarga, balki resurslarning bekor sarflanishiga ham olib keladi. Harakat doirasida aholini oziq-ovqatni tejash madaniyatiga oʻrgatish, turli aksiyalar va dasturlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

“Bir million yashil oila” harakati doirasida oziq-ovqatni samarali isteʼmol qilishni targʻib qilishga, jumladan, turli aksiyalar, koʻrgazmalar va ommaviy maʼlumot vositalari orqali fuqarolarga oziq-ovqatni tejashga alohida eʼtibor beriladi. 

Suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish. Suv, gaz va elektr energiyasini tejash nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ekologik barqarorlikni taʼminlashning asosiy omillaridan biridir. Masalan, suvni isrof qilish global suv tanqisligi muammosini yanada kuchaytiradi, elektr energiyasini ortiqcha ishlatish esa uglerod izini oshiradi.

Davlat dasturi doirasida suv, gaz va elektr energiyasini tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, xususan, tomchilatib sugʻorish yoki zamonaviy filtrlardan foydalanish, aholi oʻrtasida energiya tejovchi lampalar, maishiy texnika va qurilmalardan foydalanishni targʻib qilish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

Umummilliy harakat ishtirokchilarini ragʻbatlantirish. Taʼkidlash joizki, “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida maxsus platforma ishga tushirilib, unda:

  • bir sutka davomida kamida oʻn ming qadam yurishni targʻib qilish;
  • yuqori koʻrsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan banklarda isteʼmol kreditini olishda chegirma taqdim etish;
  • oilaning barcha voyaga yetgan aʼzolari “Ekofaol fuqaro”maqomini olganda, ushbu oilaga “yashil oila” maqomini berish hamda ularga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berish;
  • aholisining yarmi “yashil oila”maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlarini oʻtkazish va gʻolib boʻlgan mahallalar jamgʻarmasiga bolalar maydonchasini qurish, yashil bogʻ yaratish hamda chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish va chiqindi konteynerlarini oʻrnatishga 500 million soʻm ajratish belgilangan.

Darhaqiqat, “Bir million yashil oila” harakati nafaqat ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan, balki kelajak avlodlar uchun ham toza va sogʻlom muhit yaratish maqsadiga xizmat qiladi. Har bir insonning ushbu tashabbusdagi ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

Tabiatga ehtiyotkorona munosabat va tejamkorlik madaniyati jamiyatning ajralmas qismiga aylanishi zarur. Davlat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar esa har bir fuqaro uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. 

Uylaymizki, shu yoʻnalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham foydali boʻladi. Toza havo, resurslarni tejash va isrofgarchilikni kamaytirish orqali biz nafaqat oʻz hayotimiz sifatini, balki butun sayyora aholisining turmush tarzini yaxshilashga qadam qoʻyamiz.

Toza havo, sogʻlom muhit va barqaror resurslar bilan taʼminlangan kelajak uchun hammamiz birgalikda masʼulmiz!

Jamshid ShARIPOV, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.