Gavharshodbegimning nefritdan yasalgan uzuk-muhri

0
38
marta koʻrilgan.

 Bundan 88 yil oldin, 1937 yilda Markaziy Qozogʻistondagi Ulugʻtogʻ hududidan Amir Temurning Dashti Qipchoqqa yurishi davrida uygʻur yozuvida turkiy tildagi bitikli tosh oʻrnatgan yodgorlik minorasi topildi.

Mazkur bitikli toshning ogʻirligi 11 tonna 200 kilogramm boʻlib, hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

Manbalarda qayd etilishicha, 1391 yilda Dashti Qipchoqqa otlangan Amir Temur ikki kecha-kunduz yoʻl yurib toliqqan qoʻshinni Ulugʻtogʻ (hozirgi Qozogʻistondagi Qarsaqpay koni yaqinidagi Oltin choʻku nomli togʻ) yonbagʻriga hordiq olish uchun tushiradi. Oʻzi esa xoslari hamrohligida togʻ boshiga chiqib, tevarak-atrofga, yastanib yotgan dashtga nazar tashlaydi va bu yerda mazkur yurish haqida xotira qoldirishga qaror qiladi. Farmoni oliyga koʻra jangchilar atrof javonibdan xarsang toshlar tashib kelib, belgilangan joyga toʻplaydilar. Usta toshtaroshlar ishga tushib, Sohibqironning Toʻxtamishxonga qarshi qoʻshin tortib, ushbu mavzega yetganligi tarixini toshga bitadilar. 

Turkiyda naqsh qilingan xotiraning matni quyidagicha: “Tarix yetti yuz toʻqson uchta, qoʻy yil yozning ora oy Turonning sultoni Temurbek ikki yuz ming cherik bila islom uchun Toʻxtamishxonni(ng) xonigʻa yuridi. Bu yerga yetib, belgu boʻlsun teb bu yoʻbani qoʻpardi. Tangri nisfat bergay, Inshaolloh. Tangri el kishiga rahmat qilgay, Bizni duo bila yod qilgʻay”.

 Ermitajda ushbu bitiktoshdan tashqari temuriylar davriga oid boshqa koʻplab yodgorliklar ham saqlanmoqda. Tarixchi Dilafroʻz Qurbonovaning yozishicha, Amir Temurning oʻgʻli Mironshohning nomi yozilgan, xrizolit toshidan yasalgan uzuk-muhr, Amir Temurning oʻgʻli Shohruhning xotini, alloma Ulugʻbekning onasi Gavharshodbegimdan bizgacha saqlanib qolgan yagona buyum – uning nefritdan yasalgan uzuk-muhri, shuningdek, nefrit va serdolikdan yasalgan koʻplab muhrlar hamda boshqa bir qator noyob buyumlar shular jumlasidandir.

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.