Koʻksaroy qarorgohida 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.
Unda hududlardagi studiyalardan ham koʻplab oʻgʻil-qizlar ishtirok etdi. Ular orasida talijalik kashtachi-hunarmand Aziza Tojiyeva ham bor edi. Talija degan qishloq borligini avval eshitmagan ekanmiz. Curishtirib bilcak, u Shofirkonda joylashgan ekan. Buxoro shahridan ellik kilometr nari-beridagi bu qishloq uncha katta emas. Odamlari mehnatkash, usta-hunarmandlari koʻp.
Aziza onasi – usta-hunarmand Muhabbat Qoʻchqorovaning yoʻlidan bormoqda. Onaning duosini olgan, aytganlarini toʻkis bajargan farzand esa hech qachon kam boʻlmagan. Bugun kashtachilikda ancha nom chiqardi. Lof emas, bugun shu qishloqda tikilgan hunarmandchilik mahsulotlariga AQSH, Ispaniya, Italiya va Buyuk Britaniya kabi olis yurtlardan buyurtmalar olinmoqda.
Bu bejiz emas, dunyoda bora-bora – texnika va texnologiya rivojlangan sari qoʻl mehnati bilan yaratilgan ijodiy ishlarga talab ortaveradi. Qalblar qalb qoʻri berib yaratilgan buyumlarni iliq qabul qiladi. Shuning uchun ularning qiymati tushmaydi.
– Prezident olis bir qishloqning mendek oddiy qizi erishayotgan yutuqlarga, bildirayotgan takliflariga befarq emas, – deydi Aziza Tojiyeva. – Davlatimiz rahbari bizga qarata sizlar erishayotgan natijalardan xursandman, sizlarni hamisha qoʻllab-quvvatlayman dedilar. Bu eʼtibor nafaqat men, balki mamlakatimizdagi hunarmandchilik yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan tengdoshlarimga oʻzgacha motivatsiya boʻldi. Tadbirkorlar, xususan, hunarmandlar uchun berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanyapman. Natija yomon emas. Buyurtmalarimiz soni ortdi. Hududdagi tengdoshlarimiz bilan bir jamoaga aylanganmiz. Safimiz kengaymoqda. Oilada uchinchi avlod hunarmandman. Hozirgi paytda shunchaki bu ishni mukammal oʻzlashtirish bilan moʻljallagan marramga yeta olmayman. Shuning uchun chet tillari va elektron tijorat sirlarini oʻrganyapman. Hozir jahon bozoriga yoʻl topdik. Instagram, Etsy va eBay orqali onlayn savdoni yoʻlga qoʻyganmiz.
Darhaqiqat, mamlakat ertasi egalari kamoloti yoʻlida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻsha kungi muloqotda ham Prezident yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan uchta muhim hujjatga imzo chekkanini eʼlon qilgan edi.
Bu hujjatlar ham yurtimizda hali Azizaga oʻxshagan yana minglab tashabbuskor va izlanuvcha yoshlarni oldinga boshlaydi. Salohiyatini namoyon qalayotgan oʻgʻil-qizlar esa yurt taraqqiyotini kafolatlaydigan asosiy kuchdir.
Ikrom AVVALBOYEV, OʻzA