Yakkasaroylik Suyumbika momo Sharipova – qutlugʻ 101yoshda

0
285
marta koʻrilgan.

Bugun yurtimizda yuz yosh bilan yuzlashgan tabarruk insonlar hayotimizga koʻrk boʻlib umrguzaronlik qilmoqdalar. Oramizda asr bilan tengdosh duogoʻy otaxonu onaxonlarimiz borligidan faxrlanamiz, quvonamiz. Chunki, ana shu muborak insonlarning hayot yoʻllari biz uchun ibrat, pandu nasihatlari bilan esa hayotimiz yana-da fayzli, yoʻllarimiz ravon boʻlishi shubhasiz.

Yakkasaroy tumanidagi “Belariq” mahallasida istiqomat qilayotgan Suyumbika momo Sharipova ham yaqinda oʻzining muborak 102 yoshini qarshi oladi.

– Onaxon nafaqat farzandlari, oilasi, balki mahallaning ham koʻrki, – deydi “Belariq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi B.Israilov, – kattayu kichik u kishini ziyorat qilishga, purmaʼno suhbatlaridan bahramand boʻlishga, duolarini olishga intiladi.

Darhaqiqat, soʻzlari hikmat, yuzlaridan nur yogʻilib turgan sodda va samimiy onaxon bilan suhbatlashib, hayotning oddiy haqiqatlari – halol mehnat, bagʻrikenglik va shukronalik insonni murodga, eʼzozu ehtiromga yetkazishini anglaganday boʻlasiz.

– Umrim mehnatda oʻtdi, – deydi onaxon. – Uzoq umr koʻrishlik avvalo, Yaratganning marhamati, qolaversa, halol mehnat, koʻngil xotirjamligi, bagʻrikenglik, odamlarga yaxshilik qilish inson umrini uzun va ziynatli qiladi. Men oʻtayotgan umrimga shukr qilaman. Shuncha yil yashadim, rizq-nasibam kam boʻlmadi. Davlatimiz men kabi keksalarga hurmat, eʼzoz koʻrsatmoqda. Bundan ortiq baxt yoʻq, bolam.

Ha, Suyumbika momoning tilidan shukronalik tushmaydi. Oʻtgan hayotini, boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklarni, farzandlarini el qatoriga qoʻshguncha chekkan azoblarini, navqiron paytlarida tong sahardan kech oqshomgacha dalada tuproq kechib, gʻoʻza chopganiyu sholi oʻtaganlarini ertakday soʻzlaydi.

Onaxonning xotiralarini tinglab, ana shunday qiyinchiliklarni, ogʻir kunlarni boshidan oʻtkazgan momo kabi minglab oʻzbek ayollarining irodasiga, sabr-bardoshiga har qancha tahsinlar aytsa arziydi. Qanday kunlarni boshidan oʻtkazmasin, muhtarama ayollarimiz mehr-oqibatni, xalqimizga xos andisha, oilaga sadoqatni aslo unutgan emaslar.

Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.