«Marche du Film» kinobozorida Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan ochilgan milliy pavilonda Xalqaro kinokomissiyalar assotsiatsiyasi (AFCI) prezidenti bilan uchrashuv boʻlib oʻtib, unda Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi ushbu nufuzli xalqaro assotsiatsiyaga aʼzo boʻldi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar beradi.
«AFCI» ga aʼzo boʻlish bilan Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi butun dunyodagi kinokomissiyalar maʼlumotlari bazasiga kiritiladi, jahonning eng yirik prodyuserlari va kinokompaniyalari shu assotsiatsiya orqali Oʻzbekistonni suratga olish uchun manzil sifatida kashf qiladi.
Undan tashqari, mahalliy kinomutaxassislar oʻz tajribalarini oshirishlari uchun xorijiy konferensiya va oʻquv mashgʻulotlariga jalb qilinishadi.
Maʼlumot uchun, shtab kvartirasi AQSHning Los Anjeles shahrida joylashgan Xalqaro kinokomissiyalar assotsiatsiyasi (AFCI)ga dunyodagi 300 dan ortiq kinokomissiyalar aʼzo boʻlgan. Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib «AFCI» ga aʼzo boʻlgan Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hammuassisligida tashkil qilingan edi.