Oʻzbekistonda «Naqshbandi Tourism Festival 2019» boʻlib oʻtmoqda

0
369
marta koʻrilgan.

Oʻzbekistonda ziyorat turizmi yoʻnalishida «Naqshbandi Tourism Festival 2019» nomli xalqaro tadbiri oʻtkazilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi xabar bermoqda.

«Naqshbandi Tourism Festival 2019» xalqaro festivali doirasida 18 davlat, jumladan, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Braziliya va AQSH davlatlaridan 200 ga yaqin mehmonlarning tashrif buyurishi koʻzda tutilgan.

Quvonarlisi shuki, ularning orasida koʻpgina jahonga mashhur olimlar, fan va jamoat arboblari, turistik tashkilotlar vakillari bor. Qayd etish joizki, bugungi kunda dunyo hamjamiyatining Oʻzbekistondagi ziyorat turizmi, xususan, koʻhna shaharlarimiz, yurtimizdan yetishib chiqqan fozilu ulamolar, donishmandlar, mashoyixlarning hayoti, asarlari va ilmiy merosini oʻrganishga va oʻz koʻzi bilan koʻrishga qiziqishi nihoyatda baland.

Ziyorat dasturi doirasida mehmonlar Toshkent shahrida kutib olinib, soʻngra Buxoro shahri tomon yoʻl olishadi. U yerda «Yetti pir» nomi bilan mashhur boʻlgan hazrat Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoʻja Orif Revgariy, Xoʻja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Muhammad Bahouddin Naqshbandiy, Xoʻja Boboi Samosiy, Xoʻja Ali Romitaniy, Abul Hafs Kabir hamda Sayyid Amir Kulol kabi ulugʻ zotlarning ziyoratgohlarini ziyorat qilishadi.

Bundan tashqari, festival dasturiga koʻra, mehmonlarning Mir Arab Oliy madrasasiga tashrifi hamda uning faoliyati bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.

Shundan soʻng xalqaro tadbir mehmonlari Samarqand shahriga yoʻl olishadi. Temuriylar poytaxtida ziyoratchilar hazrati Imom Buxoriy majmuasi, hazrat Xoʻja Ubaydulloh Ahror xamda Shohi Zinda majmualarini ziyorat qilishadi. Mehmonlar, shuningdek Qarshi va Termiz shaharlariga ham tashrif buyurishi koʻzda tutilgan boʻlib, u yerlarda Abul Muin Nasafiy, imom At-Termiziy, Hakim Termiziy kabi islom olamining mashhur allomalari mangu qoʻnim topgan muborak maskanlarni ziyorat qilishadi.

Ziyorat turizmi yoʻnalishidagi ushbu xalqaro tadbir Oʻzbekistonda ziyorat turizmining rivoji va yurtimizga xalqaro ziyoratchilar oqimining yanada koʻproq jalb qilinishi yoʻlida xizmat qiladi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.