MATEMATIK LINGVISTIKA NIMA? Yoxud matnlarning son tahlili xususida 2-maqola

0
1117
marta ko‘rilgan.

 

Bugun ko‘pgina fan olami vakillari o‘rtasida mamlakatda himoya qilinayotgan dissertatsiyalarning saviyasi haqida salbiy fikrlar eshitib qolamiz. Darhaqiqat, dissertatsiya ilmiy salohiyati, nazariy va amaliy natijasi, fanga kiritgan yangiligi bilan qadrlanadi. Aks holda u psevdotadqiqotdir (grek tilida “pseudos” “yolg‘on” degan ma’noni bildiradi). Tadqiqotlarning ilmiy sifati qaysi metod orqali olib borilganiga juda bog‘liq. Ilm-fanda eksperimental tadqiqotlarning alohida o‘rni bo‘lib, uning natijasi amaliy ahamiyati bilan taraqqiyotga xizmat qiladi. Tilshunoslik fanida bugun matematik lingvistika yo‘nalishi mavjudki, u kompyuter eksperimentiga asoslangan. Oksford on-layn lug‘atida unga shunday ta’rif beriladi: “Lingvistikaning  matematik modellashtirish metodi orqali amalga oshiriladigan ilmiy tahlil yo‘nalishi matematik lingvistika deb ataladi”. 

Lekin bugun ko‘pgina tilshunoslarimiz, xususan katta avlod  filolog olimlarimiz o‘rtasida matn tahlili bu sifat tahlili degan tushuncha mavjud. Matnning son tahlilini esa ular sotsiologik tadqiqot, deb hisoblashadi. Lekin bugun jahon ilm-faniga matnlarning matematik tahlili, statistik tahlili, matnlarning kvantativ tahlili (“kvant” inglizchadan tarjimada “son”, “miqdor” degan ma’noni bildiradi), matematik lingvistika, statistik lingvistika, kvantativ lingvistika kabi nomlar bilan ataluvchi yo‘nalish kirib kelganki,  jahon tilshunoslik ilm- fanida keng qo‘llanilmoqda.

Jahon tilshunosligiga kvantitiv tahlil XIX asrning oxirlaridan  boshlab kirib kela boshlangan. Masalan, L.A.Sherman ingliz nasriy asarlarida  jumlalarning uzunligi haqida 1888 yilda ilmiy ish e’lon qiladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab, ijod qilgan  V.A.Bogoroditskiy, A.M.Peshkovskiy, M.N.Peterson kabi  filologlar rus tilidagi qaysi harflar hamda tovushlarning nutqda tez-tez qo‘llanishiga doir tadqiqotlar olib borganlar. Jahon filologiyasi tarixida  mazkur yo‘nalish  haqida XX asrning boshlarida shvetsariyalik tilshunos olim Ferdinand de Sossyur va kelib chiqishi polyak-rus tilshunos olim Ivan Aleksandrovich Boduen de Kurtenelar ilk bor tilga olganlar.  Mazkur metod XX asrning 50-yillariga kelib xorijiy tilshunoslik tadqiqoti amaliyotga keng kirib keldi.

  Aslida  matematik lingvistika ko‘rinishlari o‘zbek tilshunosligida ham azaldan mavjud bo‘lgan. Masalan, Abu Nasr Forobiy “Kitobu-sh-she’r”, “Kalamu-sh-she’r va-l qavofi” (“She’r va uning qofiyalari haqida so‘z”), “Kitobu-l-xitoba” (“Ritorika haqida kitob”), “Kitobu-l-lug‘at”, “Kitobun fi sano’ati-l-kitob” (“Xattotlik haqida kitob”), Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston», Abu Abdulloh Xorazmiyning «Mafotuhu-l-ulum» («Ilmlarning kalitlari»), Abu Ali Ibn Sinoning “Asbob al xuruf”,  Aristotelning «Poetika»siga yozgan «She’r san’ati», Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Shayx Ahmad Taroziyning “Fununu-l-balog‘a”, Mahmud Zamahshariyning «Hustosu-l-aruz» («Aruziy zehn tarozusi»), Yusuf Sakkokiyning «Miftohu-l-ulum» («Ilmlarning kaliti») asarlari,  Alisher Navoiyning  “Muhokamat ul lug‘atayn”, “Mezon ul avzon”, Zahirirddin Boburning “Mufassal” (bizgacha yetib kelmagan), “Boburnoma”, Abulg‘oziy Bahodirxonning  “Shajarai turk”, keyinchalik Fitrat, Behbudiy, Avloniy, Zohiriy kabi ijodkorlarning asarlarida so‘z san’ati, til va uning xususiyatlari, umuman lingvistikaga doir ilmiy-nazariy muammolar bayon qilingan bo‘lib, ularda son tahlili ko‘rinishlari ham mavjud. Jumladan, Abu Ali Ibn Sino Aristotelning «Poetika»siga yozgan «She’r san’ati» degan sharhida epopeya janri haqida shunday deydi: “Epopeya vazniga kelsak, u ham o‘sha qisqa vazn sanaladi, o‘n olti bo‘g‘inli turoqdan iborat. Buni ko‘proq tragediyaga o‘xshatganlar va uzunligini yana orttirganlar”.

Alisher Navoiy esa “Muhokamat-ul- lug‘atayn” asarida tilimizning boy imkoniyatlarini isbotlash uchun turkiy tildagi bir fe’lning 99 xil varianti borligiga misol keltiradi.

She’riyatda esa chinakam o‘lchov hisoblanmish aruz qoidalari haqida qadimda juda ko‘plab shoirlarimiz ilmiy-nazariy asarlar bitganlar.  Misol uchun, Alisher Navoiy  g‘azal yozish san’ati haqida so‘z yuritganida, g‘azallarning cho‘zilib ketmasligini va ko‘proq 7 baytli bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb hisoblagan. O‘zi ham g‘azallarni asosan 7 baytli qilib yozgan va bu haqda bir qit’asida quyidagilarni aytgan:

Navoiy she’ri to‘qqiz baytu o‘n bir baytu o‘n uch bayt, 

Ki lahza uzra qalam ziynat berur ul durri maknundin. 

Bukim, albatta, yetti bayttin o‘ksuk emas, ya’ni — 

Tanazzul aylay olmas rutba ichra yetti gardundin.

Abdurauf Fitrat «Adabiyot qoidalari»da  aruz vaznida yozilgan she’rga quyidagicha misol keltiradi:

O‘nlik:

Otimdir o‘g‘uz / bilinglar ayon,              5+5

G‘animdir Xisrav / bilinglar yaqin.      5+5

 

Erka malak / achchig‘lanmam senga,         4+6

O‘chursang-da / ko‘kka yurak kulin.          4+6

 

O‘n to‘rtlik:

 Dunyo, dunyo, sen dunyo / kimga vafo qilibsan?

 Sendan vafo kutganga / sen ko‘p jafo qilibsan.

                                                                            7+7

Uqtirish: bir o‘n to‘rtlik misra’ ikki (misra’lik) yettilik misra’ bo‘la olg‘ani uchun bu vaznda oz yoziladur(Abdurauf Fitrat).

Xo‘sh, matnni ham son, ham sifat jihatdan o‘rganish jahon tilshunoslik ilm-fanida allaqachon tadqiqot olib borishning “andozasi”ga aylangan ekan, nima uchun bizda unga sotsiologiya fani tadqiqotiga qaraganday qaraladi? Ukrainalik olim V.V.Levitskiy o‘zining “Kvantativ lingvistika” nomli kitobida mazkur tendensiya ukrain tilshunoslari, xususan katta avlod olimlari, jumladan OAK tarkibidagi olimlar o‘rtasida ham  mavjudligini aytib, buning sababi sifatida olimlarning dunyoqarash va qiziqishlarini ko‘rsatadi: “Ba’zi tilshunoslarni stilistika qiziqtirsa, ba’zi olimlarni eksperimental fonetika qiziqtiradi… Demak filologik tadqiqotda kvantativ metodlarni qo‘llash ilmiy ehtiyojdan emas, balki olimning qiziqishi, didi, dunyoqarashi, bilimi kabi psixologik sabablar bilan bog‘liq”.

Lekin shunday tadqiqotlar borki, o‘rtaga tashlangan savolga faqatgina matematik tahlil bilangina javob topish mumkin. Psixologiya, sotsiologiya kabi gumanitar fanlar allaqachon statistik tahlil metodiga o‘tib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi amaliy natijalarni qo‘lga kirityaptilar. Lekin afsuski, jahon tilshunosligida o‘tgan asrdayoq urfga kirgan bunday eksperimental metod bizda oqsoqlanyapti. Zero, rus olimi B.N.Golovinning aytganiday, filologiya sohasidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun son va sifat tahlili birgalikda olib borilishi kerak. Ana shundagina tadqiqotlar tom ma’noda nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

 

OYDIN SA’DULLAYEVA,

O‘ZDJTU TADQIQOTCHISI

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.