Anor mevalarning sultoni

0
1120
marta ko‘rilgan.

Xalqimiz anorni mevalarning sultoni deya ataydi. Darhaqiqat, unga sinchiklab qarasangiz toj kiydirilganga o‘xshaydi.
Ona yurt ne’mati, xalqimiz tomonidan sevib is’temol qilinadigan anor qadimdan tabobatda keng qo‘llanilgan. Turli kasalliklarni davolash maqsadida uning mevasi, po‘sti bilan birga daraxtning navdasi, po‘stlog‘i ham ishlatiladi.
Anor po‘stlog‘i tarkibida alkaloidlar, oshlovchi moddalar, qatron, bo‘yoq va boshqa birikmalar, meva po‘stida ham ko‘p miqdorda dorivor va oshlovchi moddalar bor. Uning tarkibidagi alkaloidlar yig‘indisidan peltepin va boshqa alkaloidlar ajratib olinadi. Anor mevasi tarkibida esa organik kislotalar, 21 foizgacha qandlar, vitamin Ñ va boshqa birikmalar mavjud. Tibbiyotda ishlatish uchun meva po‘stlog‘idan tanin va meva sharbatidan limon kislota olinadi
Alloma Abu Ali ibn Sino anor po‘stini qon tupirganda, milk qonaganda, me’da kasalliklari ( ich ketish, qon aralash ich ketish)da, siydik haydash, tish-milkni mustahkamlashda, yaralarni va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatgan.
Xalq tabobatida anor po‘stlog‘i, mevasi, meva po‘sti va guli istisqo (vodyanka), qo‘tir, yo‘tal, ich ketishi, dizenteriya, sariq kasalliklarida hamda qon to‘xtatuvchi, siydik va gijja haydovchi dori sifatida ishlatiladi.
Anor sharbati singa kasalligida buyuriladi va ishtaha ochish uchun ham ichiladi.
Meva po‘stlog‘idan qaynatma tayyorlash uchun qopqoqli idishga bir stakan suvga bir choy qoshiq po‘stlog‘idan solib qaynatiladi va ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi. Meva po‘stlog‘ining kukuniga saryog‘ yoki mol yog‘i bilan aralashtirib surtilsa, teridagi yiringli yaralarni tuzatishga yordam beradi. Meva po‘stlog‘idan tayyorlangan qaynatma esa og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishida ham davo bo‘ladi.
Anor, olma, behi, limon, oshqovoq, nilufar va kashnichga teng miqdorda aralashtirilib qaynatiladi, uning quyuq sharbatiga asal qo‘shib iste’mol qilinsa, safro qusish, ko‘ngil aynishi va tinka qurishidan shifo topish mumkin.
F. Sa’dullayeva

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.