2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini toʻxtatish xalqaro kuni

0
95
marta koʻrilgan.

BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrda qabul qilingan rezolyusiyasiga asosan, 2 noyabr sanasi dunyo miqyosida Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini toʻxtatish xalqaro kuni deb eʼlon qilingan.

Mazkur hujjatda BMTga aʼzo barcha mamlakatlar jurnalistlarning xavfsiz faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, axborot olishni kafolatlash va soʻz erkinligini taʼminlash, jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarga nisbatan zarur choralarni koʻrishga chaqiriladi.

 Kafolat. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda jamiyat va davlat boshqaruvi borasidagi tanqid yoki qarama-qarshi fikrlarga toʻgʻri munosabatni shakllantirishda soʻz erkinligi uchun xolis xizmat qiladigan axborot vositalari hamda jurnalistlar uchun, avvalambor konstitutsiyaviy kafolatlar juda muhim.

Shu bois, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 67-moddasiga koʻra: OAV va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda:

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

Ommaviy axborot vositalari oʻzlari taqdim etadigan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgardir.

 Raqamlarga murojaat qilamiz: 2012 yildan 2016 yilga qadar jahonda 530 nafar jurnalist oʻldirilgan. Eng koʻp qurbonlar tele- va radiojurnalistlar hamda bosma OAV xodimlari orasida qayd etilgan. Jurnalistlar uchun eng xavfli hududlar – Arab mamlakatlari. Asosan xalqaro jurnalistlarning oʻlimi ovoza boʻlsa-da, halok boʻlganlarning 92 foizi – mahalliy muxbirlar. Taʼkidlash joizki, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 90 foizi jazosiz qolmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning soʻzlariga koʻra, yana bir xavotirga asos boʻluvchi tendensiya – OAVda ishlovchi ayollarga qarshi zoʻravonlik holatlarining oʻsishi kuzatilmoqda.

Jurnalistika – jinoyat emas. Antoniu Guterrish: “Jurnalistika – jinoyat emas. Jurnalistlarning va halok boʻlgan hamkasblarining mehnati bizga haqiqat hech qachon oʻlmasligini eslatib turadi”.

Soʻrovnomaga koʻra, butun dunyo odamlari OAV erkinligi mohiyati va qadrini tan olishmoqda. BMTda jurnalistlar himoyasi masalasi oldingi oʻrinlarga chiqmoqda – u Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashining kun tartibiga kiritilgan. YUNYeSKO tashabbusi bilan, Bosh Assambleya jurnalistlar xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi va bu borada muayyan yutuqlarga erishildi.

Maʼlumot erkinligi haqidagi qonunni qabul qilgan mamlakatlar soni besh yil ichida 90 tadan 112 taga oshdi. YUNYeSKOga aʼzo mamlakatlarning 74 foizi jurnalistlar xavfsizligiga oid maʼlumotlarni taqdim etib keladi.

Manbaa: Olimjon Oʻsarov kanali

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.