Har yili Vashingtondagi turli davlatlarning elchixonalarida anʼanaviy ochiq eshiklar kuni oʻtkaziladi. Bugungi kunda poytaxtda 200 ga yaqin elchixona boʻlib, har yili ochiq eshiklar kunida barcha elchixonalarga yiliga 250-300 ming kishi tashrif buyuradi. AQSH poytaxtining markaziy – Massachussetts koʻchasida joylashgan Oʻzbekiston elchixonasida ham ushbu tadbir boʻlib oʻtdi. Kun davomida bu yerdan tashrifchilarning qadami arimadi.
AQSH hududidagi oʻzbek elchixonasi, taʼbir joiz boʻlsa, bamisoli “kichik Oʻzbekiston” boʻlib, tashrif buyurgan kishilar milliy sanʼat va madaniyat namunalari bilan tanishishlari mumkin. Aslida, mazkur tadbirdan maqsad ham ana shu – yaʼni yurtimiz haqida kishilarga maʼlumot berib, tarixi, sanʼati va madaniyati bilan tanishtirib, kishilarda qiziqish uygʻotib, mamlakatning turistik salohiyatini oshirishga hissa qoʻshishdir.
Oʻzbekiston elchixonasini aylanar ekansiz, oʻzbek milliy hunarmandchiligining turli namunalari – naqshinkor supadan tortib, milliy cholgʻu asboblarigacha, doʻppi va adraslarning oʻnlab turidan tortib, milliy uslubdagi idish-tovoqlargacha koʻzigniz tushadi. Bir chekkada turgan beshik va uning ichidagi tillaqoshli, atlas koʻylakli oʻzbekona qoʻgʻirchoq esa jajji mehmonlarning eʼtiborini jalb etmay qoʻymadi.
– Oʻzbekiston haqida avval eshitmagandim, lekin bugungi tashrifimda milliy sanʼat va madaniyatingiz bilan tanishib, menda qiziqish uygʻondi, yurtingizga albatta bir kun sayohat qilishni oʻylab qoʻydim, — dedi mehmonlardan biri Ann Perlman.
– Okean ortida, yurtdan olisda, elchixonamizga tashrif buyurib, oʻzimizning milliy sanʼat va madaniyatimiz namunalari, oʻzbek raqqosalarimiz tomonidan namoyish etilgan milliy raqsni tomosha qilib, tadbirga biz kabi tashrif buyurgan boshqa oʻzbeklar bilan shu yerda muloqot qilib, sogʻinch taftini bir oz bosdik, — deydi oʻzbeksitonlik Mastura aya.
Odatda elchixonalar xavfsizlik nuqtai nazaridan qatʼiy kirish va chiqish tartibida ishlaydi. Lekin ochiq eshiklar kunida xalq uchun vakolatxonani koʻzdan kechirish imkoniyati yaratiladi. Shu sabab ham Oʻzbekistonning “bir boʻlagi”ni boʻlsada-da, ziyorat qilish niyatida boshqa shtatlardan ham koʻplab yurtdoshlarimiz kelganiga guvoh boʻldik.
Oydin SAʼDULLAYEVA,
“gujum.uz” uchun Vashingtondan maxsus tayyorladi.