Oʻzbek xalqi aql va adolatning maftuni, hamisha yangilikka intiluvchi va umumbashariy taraqqiyotni ardoqlovchi, yuksak qobiliyat hamda kamolotni oʻzida mujassamlashtiruvchi mehribon va gʻamxoʻr millatdir. U qayerda boʻlmasin hamisha yurtim-elim deb yashaydi. Yurtimizdan uzoqda yashab, jahon tamadduniga munosib hissa qoʻshgan ajdodlarimiz Al Xorazmiy, Al Fargʻoniy, Zamaxshariy kabi allomalarimizning hayoti, turmush tarzi bunga yaqqol misoldir.
Ayni kunda Amerikada tahsil olayotgan, ishlayotgan oʻzbeklar juda koʻplab topiladi.. Oʻzbekiston Yoshlari Amerika Assotsiatsiyasining tashkil etilgani ham fikrimizni ifodalaydi. Ushbu uyushma Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami — davlat mustaqilligining 27 yilligini keng nishonladi. AQSH poytaxti Vashingtondan uncha uzoq boʻlmagan hududdagi Virjiniya shtatining Algonkian bogʻida Oʻzbekiston mustaqilligiga bagʻishlab sayl oʻtkazildi.
Bu tadbir xalqimizning ajoyib milliy xususiyatlari va qobiliyatini namoyon etdi. Doshqozonda osh damlandi. Dasturxonlar milliy taomlar bilan bezatildi. Jamuljam boʻlgan yurtdoshlarimiz oʻzbek xalqining mehmondoʻstlik fazilatini namoyon qilishdi. Dala sayliga tashrif buyurgan amerikaliklar ham bayram tadbiridan bahramand boʻldilar. Ularni yurtdoshlarimiz xalqimizning turfa milliy noz-neʼmatlar bilan siylashdi. Tadbirni kuzatib turib shunday degim keldi: bizning ajoyib odamlarimiz bor. Ular fikr qilish yoʻsinida ham namunali turmush tarzi yuzasidan ham barcha yaxshilik va olijanoblikni, barcha donolik va yorugʻlikni oʻzida mujassamlashtirgan mustaqillik farzandlaridir.
Kattalar bolalar davrasini ham unitishmadi. Kichkintoylar uchun turli qiziqarli oʻyinlar, mashgʻulotlar , bellashuvlar tashkil etildi. Xalqimizning kelajagi boʻlmish bolalarning dam olish vaqtlari mazmunli oʻtishi taʼminlandi.
Ummon ortidagi ana shunday madaniy tadbirlar xalqlar doʻstligiga, odamlarning bir-birini tushinib hamjihatlikda yashashiga, pirovardida dunyo tinchligiga munosib hissa qoʻshadi.
Oydin SAʼDULLAYEVA